Temuning O‘zbekistonga qaytishi uchun 46 mlrd so‘m qarzni to‘lash sharti qo‘yildi
Cheklovlardan so‘ng platformada buyurtmalar 95%ga qisqarib, foydalanuvchi VPN orqali xaridni davom ettirmoqda
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) Xitoyning Temu marketpleysi O‘zbekistonda faoliyatini qayta tiklashi uchun 46 mlrd so‘m miqdoridagi soliq qarzdorligini to‘liq to‘lashi va amaldagi qonunchilik talablariga rioya qilishi zarurligini ma’lum qildi.
Agentlikning elektron tijoratni rivojlantirish va tartibga solish boshqarmasi boshlig‘i Kamronbek Muhammadievning aytishicha, platformaning hozirgi faoliyat modeli milliy iqtisodiyotga yetarli foyda keltirmaydi. Shu sababli uning amaldagi shaklda bozorda qolishi maqsadga muvofiq emas.
Ma’lum qilinishicha, platforma vakillari agentlikka olti marotaba tashrif buyurgan, ular uchun soliq organlari va boshqa davlat idoralari bilan uchrashuvlar tashkil etilgan. Uchrashuvlarda biznes yuritishning shaffof talablari batafsil tushuntirilgan.
Hozirda platformaning soliq majburiyatlari 46 mlrd so‘mni tashkil etmoqda va kompaniya moliyaviy operatsiyalarni to‘xtatmagani sababli ushbu summa oshib bormoqda. Cheklovlar joriy etilgach, buyurtmalar hajmi 95%ga kamaygan. Foydalanuvchilarning qariyb 5%i VPN orqali, xalqaro Visa va Mastercard kartalaridan foydalanib xaridlarni davom ettirmoqda.
Biroq ayrim hollarda to‘lov amalga oshirilgan bo‘lsa-da, yetkazib berishdagi muammolar sabab mahsulotlar manzilga yetib bormayotgani qayd etilgan. Savdolar keskin qisqargani logistika xarajatlarining oshishiga ham olib kelgan.
Regulyator vakiliga ko‘ra, kompaniya biznes yuritish istagini bildirsa-da, amalda huquqiy talablarga rioya etmayapti. Agentlik mamlakat iqtisodiyotiga investitsiya kiritishga tayyor institutsional investorlar bilan hamkorlikdan manfaatdor ekanini, biroq barcha bozor ishtirokchilari teng shartlarda ishlashi va qonun talablariga amal qilishi shartligini ta’kidladi.
Eslatib o’tamiz, 2025-yil mart oyida Temu rasman yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgandi. Shunga qaramay 20-mart kuni kompaniya mamlakatda bloklandi. Bu holatga ILMA vakili izoh berishicha, kompaniya yuridik shaxs ro‘yxatdan o‘tkazilgunga qadar O‘zbekistondagi faoliyati davomida qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) to‘lashi shart.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ