Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi boshlandi
Bu yo‘l orqali yiliga 15 million tonna yuk tashiladi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li poydevoriga ilk tosh qo‘ydi, bu bilan temiryo’l qurilishi boshlandi. Bu haqida davlat rahbarining matbout xizmati xabar berdi.
Bu vaqtda Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan marosim ishtirokchilariga o‘z murojaatini yo‘lladi.
Murojaatda Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovga loyihani ilgari surish borasidagi shaxsiy hissalari va faol sa’y-harakatlari uchun minnatdorlik bildirdi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, infratuzilma sohasidagi ushbu yirik loyiha ilg‘or muhandislik, innovatsiya va raqamli yechimlar asosidagi keng kooperatsiyani, yuqori ekologik standartlarga amal qilishni nazarda tutadi.
Koshg‘ar – Torugart – Makmal – Jalolobod – Andijon yo‘nalishi bo‘yicha 20 ta stansiya, 42 ta ko‘prik, 25 ta tonnel barpo etiladi. Bundan tashqari, zamonaviy tranzit-logistika infratuzilmasi, omborxona va terminallar quriladi.
Shuningdek, ushbu yo‘l orqali yiliga 15 million tonna yuk tashiladi. Xitoydan Yevropa mamlakatlariga yuklarni yetkazib berish masofasi va muddati bir necha ming kilometr va deyarli bir haftaga qisqaradi. Yo‘lovchilarni muntazam tashishni yo‘lga qo‘yish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Kelgusida ushbu temir yo‘l liniyasi Transafg‘on yo‘lagi bilan tutashib, Xitoy, Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi transport-kommunikatsiya tarmoqlarini samarali birlashtirish va kuchaytirishga imkon yaratadi.
Avvalroq “Kapital.uz” Qirg‘iziston Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi uchun yer ajratilgani haqida yozgan edi.
Shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” bu temir yo‘lini qurilishi uchun O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan $255 mln olishi haqida Prezident farmoni e’lon qilingan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ