Tarmoqli biznes nima va u halolmi
Qonuniy tarmoqli marketingni moliyaviy piramidalar bilan adashtirmaslik kerak
![Tarmoqli biznes nima va u halolmi](https://kapital.uz/wp-content/uploads/2025/02/ajnj.jpg)
Ayni damda O‘zbekistonda kundan-kunga tarmoqli biznes ommalashib bormoqda. Ammo ko‘pchilik bu aslida nima va u qanday ishlashini bilmaydi. Bundan tashqari ko‘pchilikni bu halolmi yoki yo‘q degan savol qiziqtiradi. Bugungi maqolamizda barcha savollarga birma-bir javob topamiz.
Tarmoq biznes nima?
Tarmoqli biznes yoki ko‘p tarmoqli marketing (MLM — Multi-Level Marketing) — bu mahsulotlar yoki xizmatlar an’anaviy do‘konlar orqali emas, balki mustaqil distribyutorlar orqali sotiladigan savdo modeli. Distribyutorlar nafaqat mahsulot sotadilar, balki yangi ishtirokchilarni jalb qilib, ularning sotuvlaridan ham daromad oladilar.
Tarmoqli biznes qanday ishlaydi?
- To‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo — distribyutorlar mahsulotni tanishlari, hamkasblari va do‘stlari orasida targ‘ib qiladi.
- Jamoa tuzish — ishtirokchilar yangi hamkorlarni jalb qilib, o‘z tarmog‘ini yaratadi.
- Komissiya to‘lovlari — daromad nafaqat shaxsiy sotuvlardan, balki jamoa sotuvlaridan ham shakllanadi.
O‘zbekistonda tarmoqli biznes faol rivojlanib bormoqda, ayniqsa kosmetika, maishiy kimyo, sog‘liqni saqlash va oziq-ovqat sohalarida. Mashhur xalqaro va mahalliy kompaniyalar qatorida Avon, Oriflame, Faberlic, Greyenway kabi brendlarni uchratish mumkin.
O‘zbekistonda tarmoqli biznesning afzalliklari va kamchiliklari
Afzalliklari:
- Moslashuvchan ish jadvali
- Passiv daromad olish imkoniyati
- Katta boshlang‘ich sarmoya talab qilinmaydi
- Sotish ko‘nikmalarini o‘rganish va rivojlantirish imkoni
Kamchiliklari:
- Yuqori raqobat
- Barqaror bo‘lmagan daromad
- Moliyaviy piramidalarga duch kelish xavfi
- Homiylar tomonidan yangi ishtirokchilarni jalb qilish bo‘yicha bosim
Muhimi, qonuniy tarmoqli marketingni moliyaviy piramidalardan farqlash kerak. Agar daromad mahsulot sotishdan emas, balki yangi ishtirokchilarni jalb qilishdan shakllansa, bunday tizim moliyaviy piramida hisoblanadi.
Tarmoqli biznes halolmi?
Islom huquqida tarmoq biznesining halolligi bo‘yicha bahs-munozaralar mavjud. Bu ishlarning shar’iy hukmi kelishuv shartlari va holatlariga qarab o‘zgarib boradi. Keling, ikki tomonini ko‘rib chiqamiz:
Qachon tarmoq biznesi halol bo‘ladi?
- Agar mahsulotni sotib olishda savdo zanjiriga qo‘shilishga majbur bo‘lmasa va sotib oluvchi unga qo‘shilmasa bu boshqa oddiy savdolar kabi joiz hisoblanadi.
- Agar daromad faqat mahsulot savdosidan shakllansa, yangi ishtirokchilarni jalb qilishdan emas.
- Agar kompaniya shaffof ishlasa va halol savdo tamoyillariga rioya qilsa.
Qachon tarmoq biznesi harom bo‘ladi?
- Agar tizim moliyaviy piramida shaklida tuzilgan bo‘lsa (ya’ni, daromad faqat yangi odamlarni jalb qilish hisobiga bo‘lsa).
- Agar unda qimor unsurlari bo‘lsa (hech qanday harakasiz yuqori daromad va’da qilinsa).
- Agar mahsulotni sotib olishda savdo zanjiriga qo‘shilish ya’ni boshqa xaridor olib kelish shart qilinsa bunday savdo turi joiz emas ya’ni fosid hisoblanadi. Masalan, bir pachka dorini $100ga boshqa xaridor olib kelish shartiga ko‘ra sotilsa joiz emas.
- Agar mahsulotni sotib olishda savdo zanjiriga qo‘shilish shart qilinmasa, lekin mahsulot o‘zinining bozordagi haqiqiy qiymatidan yuqori narxga sotilsa savdo zanjiriga qo‘shilish uchun uni sotib olish joiz emas. Masalan, ba’zi firmalar $200lik dorini $500ga sotadi va sotib oluvchiga «Xohlasangiz zanjirga qo‘shiling va daromad oling, xohlasangiz yo‘q, shart emas» deb aytadi. Sotib oluvchining asl maqsadi dori emas, balki ana shu zanjirga qo‘shilib olish bo‘lsa savdo joiz emas.
- Agar mahsulot o‘z narxida sotilayotgan bo‘lsa va uni sotishda zanjirga qo‘shilish shart qilinmasa, lekin uni sotib oluvchi zanjirga qo‘shilib daromad topish uchun sotib olsa va unga qo‘shilsa bu oldingi ishdan alohida hisoblanadi. U inson esa vositachi yoki dallol hisoblanadi. Bunda vositachiga haq berish masalasi asosida hukm chiqariladi. Odatda bu shaklda yuritiladigan kelishuvlarda vositachi bir nechta, masalan ikkita xaridor topsagina beriladigan mablag‘ga haqli bo‘ladi. Bu tariqa kelishuv ham joiz emas.
Xulosa
O‘zbekistonda tarmoqli biznes halol ham, harom ham bo‘lishi mumkin — bu kompaniyaning tuzilishi va ishlash tamoyillariga bog‘liq. Agar biznes haqiqiy mahsulot va halol savdoga asoslangan bo‘lsa, u islomiy me’yorlarga mos keladi. Biroq, agar daromad piramida prinsipiga asoslangan bo‘lsa, u shariat bo‘yicha nojoiz hisoblanadi.
Tarmoqli marketingga qo‘shilishdan oldin kompaniyani, uning mahsulotini, marketing rejasini va islomiy tamoyillarga mosligini sinchiklab o‘rganish muhim.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ