Endilikda aylanma soliqdan QQSga o‘tayotgan subyektlar bir yil foyda solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi
Shuningdek, soliq tekshiruvlarida xato va kamchiliklar aniqlangan tadbirkolarga 1-noyabrgacha ixtiyoriy to‘g‘irlash imkoni beriladi

Фото: Unsplash
Avval xabar berilganidek, 20-avgust kuni Prezident Mirziyoyev tadbirkorlar bilan uchrashuv o’tkazdi. Unda amalga oshiradigan bir qator yangi tartiblar haqida ma’lum qilindi.
Xususan, yiliga 20 mlrd so‘mdan yuqori aylanma qiladigan korxonalar foyda solig‘i bo‘yicha avans to‘laydi. Bunga qadar tartib yillik aylanmasi 10 mlrd so‘mdan oshgan korxonalarga amal qilgan.
Natijada 14 mingga yaqin tadbirkor ixtiyorida qo‘shimcha 1 trln so‘mlik aylanma mablag‘ qoladi.
Bundan tashqari, aylanma soliqdan QQSga o‘tadigan korxonalar bir yil davomida foyda solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi. Hisobotida xatolik bo‘lsa ham, jarima qo‘llanmaydi, buxgalterlar maoshining 5 mln so‘mgacha qismi olti oygacha bunday korxona to‘layotgan soliqdan chegirib tashlanadi.
Bugungi kunda soliq tekshiruvlari bo‘yicha 20 mingdan ziyod tadbirkorlarda 16 trln so‘mlik xato va kamchiliklar aniqlangan. Bu minglab biznes vakillarining tadbirkorlik reytingidagi o‘rniga salbiy ta’sir qiladi.
Shu bois bugun o‘ziga xos “amnistiya” e’lon qilamiz, ushbu tekshirishlar bo‘yicha jazo qo‘llanmaydi. Buning o‘rniga 1-noyabrgacha tadbirkorlarimizga barcha xato va kamchiliklarni ixtiyoriy to‘g‘irlash imkoni beriladi.
Bir so‘z bilan aytganda, 1-noyabrdan boshlab biznes vakillari tadbirkorlik reytingini “toza sahifadan” boshlaydi, – dedi prezident.
Kelgusi yildan yer, mol-mulk, ijtimoiy va daromad soliqlari hisobotlarini shakllantirish bo‘yicha tadbirkorlar majburiyati bekor qilinadi.
Ushbu hisobotlarni soliqchilarning o‘zi bepul to‘ldirib beradi. Tadbirkorlar esa 5 kunda hisobotga tuzatish kiritishi mumkin bo‘ladi.
Hisobotni kechiktirgani uchun kichik va yirik biznes bir xil jarima to‘layapti, eng yomoni – har bir hisobot turi uchun alohida-alohida jarima bor.
Soliq qo‘mitasiga 1-noyabrdan boshlab taqdim etilmagan yoki kechiktirilgan soliq hisobotlari nechta bo‘lishidan qat’i nazar, yagona jarima qo‘llaydigan tizim yaratish topshirildi.
Bunda kichik biznes uchun jarimalar miqdori 3 karra kamaytirilishi ma’kum qilindi.
Kapital.uz avvalroq 2026-yildan mamlakatda “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili joriy etilishi haqida xabar bergan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ