Tadbirkorlar uchun eng katta stress manbai kutilmagan tekshiruvlar va jarimalar bo‘lib qolmoqda — tadqiqot
Shuningdek, mijozlar yoki hamkorlar tomonidan to‘lovlarning kechikishi va soliq yukining oshishi ham keltirilgan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Yangi Bank o‘tkazgan so‘rovnoma O‘zbekistondagi kichik va o‘rta bizneslar duch kelayotgan asosiy moliyaviy xavflarni va pul oqimidagi muammolarga munosabatni o‘rganib chiqdi. Tadqiqotda ishtirok etgan 540 nafar tadbirkor orasida eng katta stress manbai sifatida kutilmagan tekshiruvlar va jarimalar qayd etildi — bu omilni respondentlarning 31%i tanlagan.
Ikkinchi o‘rinda mijozlar yoki hamkorlar tomonidan to‘lovlarning kechikishi (26,7%), uchinchi o‘rinda esa soliq yukining oshishi yoki soliq to‘lovlarining kechikishi (22%) qayd etildi. Qolgan asosiy xavotirlar orasida kredit ajratishdan bosh tortilishi (8,5%), mijozlar yetishmasligi (7%) va pul oqimidagi uzilishlar (5%) bor.
Pul oqimidagi taqchillik tadbirkorlar uchun keng tarqalgan muammo bo‘lib, respondentlarning 21,9%i bunday vaziyatlarga deyarli har oy duch keladi. 33,3% tadbirkor bu muammoga har olti oyda bir-ikki marta duch kelishini aytdi. Faqat 16% biznes vakillari bunday muammoga umuman to‘qnash kelmasligini bildirdi.
Moliyaviy barqarorlikni ta’minlash uchun tadbirkorlar ko‘pincha to‘lovlarni kechiktirish (28,2%), xarajat va xodimlarni optimallashtirish (24,3%), qat’iy moliyaviy rejalashtirish (23,6%) kabi choralarga murojaat qiladi. Shuningdek, ko‘pchilik zaxira fondi yaratish (23,3%) va kredit olish (21,9%) usullarini qo‘llaydi.
Stressni kamaytirishning mashhur usullari sifatida sport bilan shug‘ullanish (26,3%), tajriba va jamoaga tayanish (23,9%), hamda oila va do‘stlar qo‘llab-quvvatlashi (23%) ko‘rsatildi.
2026-yilga kelib tadbirkorlarning asosiy rejasi — zaxira fondlarini oshirish (26,1%). 13,5% — xarajatlarni optimallashtirishni, 6,9% — qarzlarni qisqartirishni rejalashtirmoqda. Faqat 9,3% tadbirkor kelasi yil uchun hech qanday qo‘shimcha choralarni ko‘rishni rejalashtirmagan.
So‘rovnoma 2025-yil noyabr oyida onlayn tarzda o‘tkazilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ