Hindiston kompaniyasi Surxondaryoda mis qazib olish uchun $650 mln investitsiya kiritadi
Mablag' evaziga yiliga 10 ming tonna mis qazib oluvchi korxona barpo etilishi rejalashtirilmoqda

Hindistonning Glokal Yevroaziya kompaniyasi Surxondaryoning Uzun tumanida mis qazib olish va qayta ishlashga $650 mln investitsiya kiritadi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar qildi.
Aytilishicha, 16-oktabr kuni viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov hamda kompaniya raisi Iqbal Mohammad boshchiligidagi delegatsiya bilan loyihani amalga oshirishga kelishib olindi.
Unga ko‘ra, loyiha doirasida yiliga 10 ming tonna misni qazib olish va qayta ishlash quvvatiga ega korxona barpo etilishi, bu orqali 350 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Loyihaning birinchi va ikkinchi bosqich geologik-qidiruv ishlari yakunlangani xabar qilindi. Ayni paytda zavod qurilishi bo‘yicha amaliy ishlar olib borilyapti.
Uchrashuvda, shuningdek, investorlar tomonidan sog‘liqni saqlash va oliy ta’lim muassasalarini tashkil etishga oid qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar ham muhokama qilindi, deyiladi xabarida.
Ta’kidlanishicha, uchrashuv yakunida loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish, amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarni tayyorlash, tashkiliy bosqichlarni boshlash hamda mis qazib olish va qayta ishlash loyihasini amalga oshirish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha kelishib olindi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ