2030-yilga qadar O‘zbekistonda sun’iy intellekt infratuzilmasiga $1 mlrd investitsiya kiritiladi
Yil oxirigacha sun'iy intellekt bo'yicha davlat portali va 15 ta OTMda sun’iy intellekt laboratoriyasi ishga tushiriladi
2030-yilga qadar O‘zbekistonda sun’iy intellekt infratuzilmasiga $1 mlrd investitsiya kiritiladi. Bu haqdagi Prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko’ra, 2025-yil yakuniga qadar “ai.gov.uz” milliy portali ishga tushiriladi — unda sun’iy intellekt yo‘nalishidagi loyihalar, dasturlar, startaplar va bepul onlayn kurslar haqidagi ma’lumotlar jamlanadi, oliy ta’lim muassasalarida 15 ta sun’iy intellekt laboratoriyasi ishga tushiriladi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab:
- yoshlarning sun’iy intellektga qiziqishini oshirish maqsadida Prezident sovrini uchun “Sun’iy intellekt yo‘nalishida eng yaxshi startap” (President AI Award) tanlovi o‘tkaziladi;
- Davlat organlari va davlat ulushi 50% dan ortiq bo‘lgan tashkilotlarda raqamli transformatsiya bahosida sun’iy intellekt joriy etish ko‘rsatkichlari inobatga olinadi.
Reyting natijasiga ko‘ra, 2026-yil 1-martdan boshlab har yili ikki marotaba “Sun’iy intellekt bo‘yicha eng yaxshi loyiha” tanlovi o‘tkaziladi.
2026-yil yakuniga qadar davlat boshqaruvi, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha kamida 100 ta loyiha amalga oshiriladi.
26-oktabr kuni O‘zbekiston hukumati va OpenAI vakillari ilk ish uchrashuvini o‘tkazdi. Uchrashuvda ChatGPT EDU ta’lim platformasini O‘zbekiston maktablari va universitetlarida joriy etish, shuningdek, sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” tashabbusiga OpenAI kurslari va tajribasini integratsiya qilishga kelishib oldi. Bu o‘zbekistonlik o‘quvchilar, talabalar va o‘qituvchilarga sun’iy intellektni xalqaro darajada o‘rganish imkonini beradi.
OpenAI shuningdek, startaplarni qo‘llab-quvvatlash, xakatonlar va akseleratsiya dasturlarida ishtirok etish, hamda API vositalariga imtiyozli kirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.
Uchrashuvda, shuningdek, o‘zbek tiliga moslashtirilgan sun’iy intellekt modellarini yaratish, GPU-klaster va o‘zbekcha ma’lumotlar bazasini shakllantirish rejasi ham taqdim etildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ