O‘quvchilarning g‘oyasini startapga aylantirishga 100 mlrd so‘m grant ajratiladi
Eng yaxshi loyihalar prototipi uchun $50 minggacha xarajatni Yoshlar venchur jamg‘armasi qoplaydi

Foto: Prezident matbuot xizmati
Bugun, 30-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda ta’kidlanishicha, sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha bank-moliya, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va energetikani ustuvor yo‘nalishida 100 ta loyiha amalga oshiriladi.
Buning uchun Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” dasturi ishga tushirilmoqda.
Shu yilning o‘zida “AI study” platformasi orqali kamida 100 ming yoshlarimiz sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘rganadi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Massachusets texnologiya institutining sun’iy intellekt ta’lim dasturi asosida o‘quv dasturlarini yangilaydi.
Har bir viloyatdan 100 nafar informatika o‘qituvchisi joriy yilda Yangi O‘zbekiston universitetida ushbu dasturga o‘qitiladi. Ushbu mentor o‘qituvchilar o‘z hududidagi qolgan informatika o‘qituvchilarini ikki yil davomida kaskad usulida tayyorlaydi.
“Raqamli avlod qizlari” tanlovida ta’lim, sun’iy intellekt, “yashil” iqtisodiyot, iqlim o‘zgarishi kabi sohalarda 7 ming o‘quvchi va talabaning 120 ta startap loyihasi tanlab olindi.
Bu yil kamida 50 ming nafar qizlar “Raqamli avlod qizlari” loyihasiga olinadi.
Startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizim yaratildi. Ularni moliyalashtirishga $145 mln venchur sarmoya kiritildi.
Prezident bu raqam $1 mlrdga yetkazilishini aytdi. O‘quvchilar uchun “mohirlik va biznes soati” kiritilib, ularning g‘oyasini startapga aylantirishga 100 mlrd so‘m grant ajratiladi.
Oliygohlar o‘rtasida ham startaplar bo‘yicha har yili “Eng yaxshi kreativ g‘oya” tanlovi o‘tkazilib, g‘oliblarga oliygoh jamg‘armasidan 300 mln so‘mgacha grant beriladi.
Startapni prototipga aylantirish va sinovdan o‘tkazish uchun Innovatsiya agentligi va IT-park “RnD” markazini ochadi.
Bunda, eng yaxshi loyihalar bo‘yicha prototip yaratish xarajatining $50 minggacha qismi Yoshlar venchur jamg‘armasidan qoplanadi.
Har yili investorlar, yirik korxona va startap tashabbuskorlari ishtirokida “Startap-ekspo” ko‘rgazmasi o‘tkazib boriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ