Sport sohasini boshqarishga biznes vakillarini jalb etish rejalashtirilmoqda
Milliy olimpiya qo‘mitasi bilan bir qator vazirlik rahbarlari uchrashuvda moliyalashtirish bilan bog‘liq masalalarni batafsil ko‘rib chiqishdi
Toshkent shahrida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida Iqtisodiyot va moliya, sport vazirliklari, MOQ hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati ishtirokida sport sohasiga xususiy sektorni keng jalb etishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida sport tizimini barqaror rivojlantirish, moliyaviy resurslardan samarali foydalanish, homiylik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda tashabbuskor tadbirkorlarni sport federatsiyalari ijroqo‘m a’zoligiga jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Qo‘mita matbuot xizmatiga ko‘ra, yig‘ilishda federatsiya va assotsiatsiyalar, shuningdek, milliy terma jamoalar faoliyatini joriy yilda moliyalashtirish bilan bog‘liq masalalar batafsil ko‘rib chiqildi. Tomonlar sportchilarni xalqaro musobaqalarga puxta tayyorlash uchun zarur sharoitlarni yaratish muhimligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida sport sohasiga xususiy sektorni jalb qilish, ajratilayotgan mablag‘larning manzilliligi va shaffofligini ta’minlash hamda vazirlik va idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ