Tadbirkorlarga sport zali qurish xarajatlarini soliqdan chegirish imkoniyati yaratiladi

Jalb qilingan murabbiylar uchun daromad soligʻi va ijtimoiy soliq 1% miqdorida belgilanadi

Tadbirkorlarga sport zali qurish xarajatlarini soliqdan chegirish imkoniyati yaratiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib chiqish, aholini ommaviy sportga keng jalb etish, seleksiya va tayyorgarlik tizimini takomillashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Yig’ilishda ma’lum qilinishicha, endilikda mahallada ommaviy sport natijadorligi faqat qamrov bilan emas, balki aholining salomatlik koʻrsatkichlari boʻyicha ham baholanadi. Har bir viloyatda bittadan tumanda “salomatlik balansi” shakllantiriladi. Sport bilan faol shugʻullanuvchi aholi orasidan “sogʻlom hayot volontyorlari” korpusi tashkil qilinadi. Ular mahallalarda sport va sogʻlom turmush tamoyillarini targʻib qiladi.

Har bir tumanda ushbu tizimda eng namunaviy boʻlgan 10 tadan mahallaga bepul sport formasi va anjomlari berib boriladi. Qaysi mahallada sportga qamrov oshsa, aholining salomatligi yaxshilansa, yurak-qon tomir va diabet kasalliklari kamaysa, yil yakuni bilan volontyor va mahalla raisiga 15 mln soʻmgacha mukofot beriladi. Ushbu mahallada ommaviy sportga masʼul trenerga esa 200% gacha oylik ustama toʻlanadi.

Dunyoda maxsus jihoz va katta infratuzilmani talab qilmaydigan intensiv mashgʻulotlar, jumladan, kross-fit ommalashayotgani qayd etildi. Shu bois, 1-maygacha barcha maktab va texnikumlarda bu boʻyicha toʻgaraklar tashkil etish topshirildi. Kelgusi yildan kross-fit “Besh tashabbus” tizimiga kiritiladi.

Yigʻilishda davlat organlari va tashkilotlarida ham sportni ommalashtirish boʻyicha yangi tartib belgilandi. Endi har bir vazir, tarmoq va bank rahbari, viloyat va tuman hokimi oʻz xodimlarining sport bilan shugʻullanishi uchun namuna boʻlishi va sharoitlarni kengaytirishi shart.

Shu maqsadda haftaning bir kuni sport kuni sifatida belgilanadi. Bu kunda vazirlik, idora va tashkilotlarda sport mashgʻulotlari oʻtkaziladi. Joriy yildan boshlab har yili vazirliklar, tarmoqlar, banklar va hokimliklar oʻrtasida respublika birinchiliklari oʻtkaziladi.

Xususiy sektor mehnat jamoalarida ham ommaviy sportni rivojlantirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratiladi. Jumladan, tadbirkorlar oʻz ishchi-xizmatchilari uchun sport zali va maydoncha qurish hamda jihozlashga qilgan xarajatlarini foyda soligʻi bazasidan chegira oladi. Jalb qilingan murabbiylar uchun daromad soligʻi va ijtimoiy soliq 1% miqdorida belgilanadi.

Yigʻilishda aholini sportga jalb qilish va seleksiya ishlarida “mahalla – maktab – sport muassasasi – federatsiya” zanjiri asosida mutlaqo yangi yondashuv joriy etilishi maʼlum qilindi.

Endi oliygoh rektori, federatsiya rahbari va hokim oʻrtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi. Unga koʻra, hokimlar hududdagi maktab, texnikum va boshqa sport obyektlarida darsdan tashqari vaqtda sport toʻgaraklari tashkil etish uchun shart-sharoit yaratadi.

Shuningdek, sport yoʻnalishidagi oliygohlar talabalarini dual taʼlim bilan qamrab olib, ularni murabbiylik qilish uchun toʻgaraklarga yuborish muhimligi qayd etildi. Bunday talabalarga avtomatik tarzda murabbiylik sertifikati beriladi. Toʻgaraklardan tushgan daromadning 50%i murabbiy talaba ixtiyorida qoladi. Dual taʼlim bitiruvchilariga diplom bilan birga hakamlik sertifikati ham beriladi.

Yigʻilishda joriy yilda yangi tizim orqali doimiy sport bilan shugʻullanuvchilar sonini 2 karra oshirib, 1 mln nafarga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Mutasaddilarga sunʼiy intellekt yordamida sportchi va murabbiylar natijalarini tahlil qilish, mashgʻulotlar rejasini tuzish imkonini beradigan yagona platforma yaratish topshirildi.

Sport sohasidagi ilmiy ishlar esa bundan buyon faqat dolzarb muammolar yechimiga qaratilgan boʻlishi, natijasi toʻgʻridan-toʻgʻri amaliyotga joriy qilinishi shartligi koʻrsatib oʻtildi. Agar olimlarning ilmiy ishi natija berib, sportchilarning yutuqlari va xalqaro musobaqalardagi medallari koʻpaysa, bunday olimlar 100 mln soʻmdan mukofotlanadi.

Olimpiya va paralimpiya harakatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Joriy yildan Prezident olimpiadasi doirasida musobaqa oʻtkaziladigan sport turlari 2 karra koʻpaytirilib, 21 taga yetkaziladi. Endi mazkur musobaqalar parasport boʻyicha ham tashkil etiladi. Har bir tuman va viloyat hokimi oʻz hududida Hokim olimpiadasini oʻtkazadi. Ularning gʻoliblari Prezident olimpiadasiga yoʻllanma oladi.

Adaptiv sport turlari boʻyicha kadr tayyorlash va malaka oshirish tizimi ham tubdan yangilanadi. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkent filiali inklyuziv sport boʻyicha tayanch oliygohga aylanadi. Endi oʻquv-yigʻinlar, respublika va xalqaro musobaqalarda parasportchiga hamrohlik qilgan shaxslarning transport va yashash xarajatlari qoplab beriladi. Ularga har oy sport maktabi trenerlari oyligiga teng miqdorda maosh toʻlanadi.

Futbol boʻyicha milliy chempionat oʻyinlarini tashkil etish masalalari ham koʻrib chiqildi. Ayrim oʻyinlar ish vaqtida oʻtkazilayotgani sababli muxlislar tashrifi kutilgan darajada emasligi aytildi.

Oʻyinlar vaqtini dam olish kunlari yoki ish kunlari kechki soat 19:00 dan keyin belgilash, stadionlar atrofida qoʻshimcha xizmatlar, musiqiy va koʻngilochar tadbirlar tashkil etish, muxlislar uchun qulay transport qatnovini yoʻlga qoʻyish, arzon futbol turpaketlarini taklif etish orqali stadionlarga muxlislar tashrifini keskin oshirish boʻyicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

Yigʻilishda joylardagi sport infratuzilmasi holati ham koʻrib chiqildi. Qayd etilganidek, hududlarda 39 ta ochiq va yopiq sport inshooti taʼmirtalab ahvolda boʻlgani sababli toʻliq ishlatilmayapti. Mutasaddilarga bunday obyektlarni zamonaviy sport majmualariga aylantirish uchun qulay shartlarda xususiy sheriklikka berish boʻyicha qaror loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

Sport maktablarida yoshlar qiziqadigan noolimpiya sport turlari boʻyicha ham seksiyalar tashkil etish, Oʻzbekiston noolimpiya sport turlari konfederatsiyasini tuzish taklifi maʼqullandi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekiston qo‘shimcha ishchi kuchiga ehtiyoj bildirgan korxonalar ulushi 46,7% ga yetdi
/
O‘zbekiston qo‘shimcha ishchi kuchiga ehtiyoj bildirgan korxonalar ulushi 46,7% ga yetdi
O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari mart oyida keskin qisqardi
/
O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari mart oyida keskin qisqardi
Saida Mirziyoyeva: O‘zbekiston va AQSh yil oxirigacha qo‘shma investitsiya platformasini ishga tushiradi
/
Saida Mirziyoyeva: O‘zbekiston va AQSh yil oxirigacha qo‘shma investitsiya platformasini ishga tushiradi