Prezident tashrifi doirasida Sirdaryoda qanday o’zgarishlar amalga oshirilishi belgilandi
Xususan, Boyovutda sig‘imi 100 mln kub metr bo‘lgan “Sultonhovuz” suv omborining quriladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Xabar berilganidek, kecha, 4-dekabr kuni Prezident Mirziyoyev Sirdaryoga tashrifi doirasida hududda amalga oshirilishi rejalashtirilgan bir qator vazifalarni belgiladi.
Xususan, ekin yerlarida suv ta’minotini yaxshilash uchun kelasi yil Boyovutda sig‘imi 100 mln kub metr bo‘lgan “Sultonhovuz” suv omborining qurilishi boshlanadi.
Bu orqali Boyovut, Guliston, Sayxunobod, Sirdaryo va Mirzaobod tumanlaridagi 110 ming gektarda yiliga 2 marta hosil olish imkoniyati yaratiladi.
Yerlarning meliorativ holatini saqlab turish uchun viloyatdagi 16 ming kilometr zovurlarni bosqichma-bosqich tozalash vazifasi qo‘yildi.
Viloyatdagi 200 ming gektarga yaqin ekin yerlari kuchli va o‘rta darajada sho‘rlangan. Sho‘rlangan yerlarni sog‘lomlashtirish bo‘yicha pilot loyihani Sirdaryoda sinovdan o‘tkazib, natijasiga qarab, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish topshirildi.
Mutasaddilarga suv hisobini yuritish bo‘yicha Sirdaryoni namunali hududga aylantirish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Toshkentdagi sanoat korxonalarini Sirdaryoga ko’chirmoqchi tadbirkorlar uchun sanoat zonasidagi yerlar soddalashtirilgan tartibda, chegirma bilan taklif etiladi. Ularga 10 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi. Xomashyoni temir yo‘li orqali tashishda arzonlashtirilgan tariflar qo‘llanadi.
Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan 1,14 mingta sanoat korxonasidan 129 tasi past quvvatda ishlamoqda. Bu korxonalar butlovchi va ehtiyot qismni asosan chetdan yoki respublikaning boshqa hududidan olib kelayotgani uchun tannarx bo‘yicha raqobatlasha olmayapti.
Agar butlovchi va ehtiyot qismlar hududning o‘zida ishlab chiqarilib, kooperatsiya yo‘lga qo‘yilsa, tannarxni bemalol 10% gacha kamaytirish mumkin.
Shu bois, “Farovon” kichik sanoat zonasiga tutash 200 gektarda butlovchi qismlar ishlab chiqarish taklifi qo‘llab-quvvatlandi. Ushbu hudud temir yo‘l bo‘yida joylashgani, elektr tarmog‘i o‘tgani uchun infratuzilmaga qo‘shimcha mablag‘ talab qilinmaydi.
Viloyat hokimligiga bu yerda $800 mlnlik mahalliylashtirish loyihalarini boshlash topshirildi.
Sirdaryo, Guliston, Sayxunobod, Mirzaobod tumanlari va Guliston shahridagi korxonalarni elektr bilan ta’minlaydigan “Feruz” podstansiyasining quvvati 2 karra oshirilsa, tadbirkorlar yana $200 mlnlik yangi loyihalarni qilish tashabbusini bildirgan.
Mutasaddilarga ushbu podstansiyada 2 ta 250 megavattli transformator o‘rnatib, quvvatini oshirish topshirildi.
Umuman, sanoatdagi imkoniyatlardan foydalanib, viloyatda 25 ming yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish, ishlab chiqarishda kamida 7% o‘sishga erishib, 30 trln so‘mga yetkazish zarurligi qayd etildi.
Xitoylik investorlar $50 mln hisobiga Boyovut, Guliston, Oqoltin, Xovos va Sirdaryo tumanidagi 30-40 yildan beri hech narsa ekilmagan yana 12 ming gektar tashlandiq yerni tomchilab sug‘orish orqali foydalanishga kiritishni boshlab yubordi. Kelasi yil bu yerlarda paxta yetishtirilib, kamida 60 ming tonna hosil olinadi.
Xitoyning Shimoliy-g‘arbiy agrar universiteti, Yanlin yuqori texnologiyalar zonasi bilan hamkorlikda Sirdaryoda qishloq xo‘jaligi urug‘chiligi bo‘yicha ilmiy-innovatsion markaz ishini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Sholi yetishtiriladigan 8 ta tuman hokimlariga har yili kamida 2 ming gektar sholi maydonini tomchilatib sug‘orishga o‘tkaziladi.
Vengriyaning “Bonafarm” kompaniyasi Boyovut, Xovos, Mirzaobod va Yangiyerda parrandachilik klasterini tashkil qilishni boshladi.
Ushbu loyiha ishga tushsa, viloyat aholisining parranda go‘shti va tuxumga talabi to‘liq qoplanadi.
Xovos tumanida 50 gektar yer ajratilsa, vengriyalik tadbirkorlar texnopark tashkil qilib, $300 mln investitsiya kiritmoqchi.
Viloyat hokimligiga Vengriyaga borib, Sirdaryo viloyati imkoniyatlarini taqdimot qilish va loyihalar paketini shakllantirish topshirildi.
Vengriya tomoni Xovosning 2 ta mahallasida “aqlli qishloq” dasturini amalga oshirish taklifini bergan. Bunda mahallaga ajratilayotgan mablag‘lar shaffofligi, ehtiyojmand oilalarga berilayotgan ko‘mak, bo‘sh ish o‘rinlari, tadbirkorlar uchun imkoniyatlar yagona ochiq tizim orqali aholiga e’lon qilib boriladi.
Viloyat hokimligi va Boshqaruv samaradorligi agentligiga vengriyalik hamkorlar bilan ushbu yangi tajribani boshlash topshirildi.
Yangi tayinlangan hokimga Sirdaryoga kelasi yil viloyatga jami $3 mlrd investitsiya kiritish, eksportni $500 mlnga yetkazish, 185 ming odamni band qilish yuklatildi. Shuningdek, Guliston shahrida “Oʻzbekiston – Shanxay hamkorlik tashkiloti” savdo va sanoat zonasini tashkil qilinadi
Kapital.uz avvalroq Guliston shahridagi “Do‘stlik” kanali bo‘yida yirik savdo-ko‘ngilochar majmua barpo etilishi xabar bergan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ