Yangi tayinlangan hokimga Sirdaryoda investitsiya hajmini $3 mlrdga yetkazish vazifasi yuklatildi
Shuningdek, Guliston shahrida “Oʻzbekiston – Shanxay hamkorlik tashkiloti” savdo va sanoat zonasini tashkil qilinadi
Фото: пресс-служба президента
Kapital.uz avval xabar berganidek, prezident ishtirokida Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtmoqda.
Ma’lum qilinishicha, 2025-yilda Sirdaryo aholisining turmushini yaxshilash uchun $100 mln berildi. Natijada 47 ta maktab, 45 ta bog‘cha, 31 ta tibbiyot muassasasi, 5 ta sport va madaniyat maskani to‘liq ta’mirdan chiqarilib jihozlandi.
Shuningdek, 87 kilometr tarmoq tortilgani uchun Guliston shahridagi 22 ming xonadonga ichimlik suv uzluksiz boryapti.
Yil yakunigacha yana 9 kilometr yangi tarmoq o‘tkazilib, Mirzaobod, Sardoba, Boyovut, Xovos tumanlari va Yangiyer shahridagi 12 ming xonadon doimiy ichimlik suv bilan ta’minlanadi.
Bu ishlar davom ettirilib, viloyatdagi elektr, yo‘l, suv, kanalizatsiya va boshqa infratuzilma bilan bog‘liq masalalarni hal qilish uchun kelasi yil yana $100 mln ajratilishi belgilandi.
Sessiya davomida Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga hokim vazifasini bajarayotgan Erkin Turdimov nomzodi tasdiqlandi.
Hokim Sirdaryoni rivojlantirish bo‘yicha rejalarini hayotga, aholi turmush tarziga ko‘chirib, viloyatni eng ilg‘or hududlardan biriga aylantirish uchun kelasi yil viloyatga jami $3 mlrd investitsiya kiritish, eksportni $500 mlnga yetkazish, 185 ming odamni band qilish bo‘yicha qattiq ishlashi lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Viloyat va tuman hokimlari sanoat zonasiga qoʻshib berilgan 1 ming gektarda kamida $4 mlrdlik loyihalarni boshlashi muhim ekani koʻrsatib oʻtildi.
Buning uchun loyihalarning samaradorligini hisob-kitob qilib, investorlarga taqdimot qilish uchun Sirdaryo, Boyovut, Guliston, Mirzaobod, Oqoltin, Xovos tumanlari, Yangiyer, Guliston, Shirin shaharlari hokimlaridan iborat delegatsiyani Xitoyga yuborish topshirildi.
Bunda qurilish materiallari boʻyicha Xitoyning Szyansu, Shandun va Guandun provinsiyalari, kimyo sanoatida Tyanszin shahri, elektrotexnikada Fuszyan, Gonkong, yengil sanoatda Shandun va Shinjon, farmatsevtikada Shanxay, Szyansi hududlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik oʻrnatish vazifasi qoʻyildi.
Guliston shahrida kamida 5 ming ish oʻrinli “Oʻzbekiston – Shanxay hamkorlik tashkiloti” savdo va sanoat zonasini tashkil qilish topshirildi. Bunda Xitoyning Sindao shahrida “Xitoy – Shanxay hamkorlik tashkiloti” maxsus iqtisodiy pilot zonasidagi imtiyozlar, ularni qoʻllash mexanizmlari, amalga oshirilayotgan loyihalarni puxta oʻrganiladi.
Bu yerdagi obyektlar tayyor loyiha sifatida tadbirkorlarga sanoat ipotekasi yoki lizing asosida taqdim etiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ