Gibrid avtomobillarni ekologik sertifikatlash tartibi yuzasidan senator so‘rovi yuborildi
Senator Anvar To‘ychiyev Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovdan “Yevro-4” sertifikati yuzasidan tushuntirish berishini so‘ragan

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar To‘ychiyev gibrid avtomobillarni ekologik sertifikatlash tartibi yuzasidan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimovga senator so‘rovi yubordi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi kunlarda O‘zbekistonga olib kirilayotgan gibrid avtomobillarni bojxonada rasmiylashtirish jarayonida “Yevro-4” ekologik toifasidan kam bo‘lmaganini tasdiqlovchi ekologik sertifikat talab etilayotgani jamoatchilikda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Vaholanki, ushbu transport vositalari “Yevro-5” yoki “Yevro-6” ekologik standartlariga javob beradigan elektrodvigatellar bilan jihozlangan holda mamlakatga olib kirilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-yanvardagi qarori bilan tasdiqlangan nizomda ekologik sertifikatlash tartibi belgilab berilgan. Unga ko‘ra, akkreditatsiyadan o‘tgan sinov laboratoriyasi mavjud bo‘lganda, ekologik xavfsizlik mezonlariga muvofiqlik tekshirilishi kerak. Agar laboratoriya mavjud bo‘lmasa, transport vositasi identifikatsiya yo‘li bilan baholanishi mumkin.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 2022-yil 12-apreldagi qarorida “gibrid avtomobil” tushunchasi aniq belgilab berilgan. Ularni umumiy “M” va “N” toifalariga tenglashtirish masalasi ham bahsli hisoblanmoqda.
Shundan kelib chiqib Anvar To‘ychiyev Aziz Abduhakimovga:
- respublikada faoliyat olib borayotgan ekologik sertifikatlash organining tashkiliy-huquqiy asoslari, faoliyatini tartibga solish tartib-taomillari;
- avtomobillarni ekologik standartdan o‘tkazuvchi akkreditatsiyadan o‘tgan sinov laboratoriyalari, ularning moddiy-texnik bazasi, avtomobillarni sinovdan o‘tkazish qamrovi va imkoniyatlari;
- elektrodvigatellar bilan jihozlangan gibrid avtomobillarni rasmiylashtirish jarayonida ekologik sertifikat olish to‘g‘risidagi talabning meʼyoriy-huquqiy asoslari;
- arizani ko‘rib chiqish, ekologik sertifikatlash jarayonini amalga oshirish va ekologik sertifikat berish yoki uni berishni rad etish yuzasidan ishlar qiymati bo‘yicha belgilangan to‘lov miqdori masalalariga aniqlik kiritish bo‘yicha tushuntirish berish so‘rab senator so‘rovi yubordi.
Mazkur senator so‘rovi orqali mavjud tartibning taʼminlanishi, joriy etilgan amaliy mexanizmlarda shaffoflikka erishish hamda tadbirkorlar va fuqarolarning ortiqcha qiyinchiliklarga va ovoragarchilikka duch kelmasligi maqsadi nazarda tutilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ