O‘zbekistonga elektromobillar importi rekord darajaga chiqdi
Sentabr oyida mamlakatga $114,4 mlnlik elektromobillar olib kirildi, bu o‘tgan yilga nisbatan 7,4 baravar ko‘p
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Sentabr oyida O‘zbekistonga $114,4 mlnlik 11,5 ming dona elektromobil olib kirildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlarida qayd etilgan.
2025-yilning dastlabki oylarida elektromobillar importi keskin kamaygandi. Masalan, mazkur turdagi mashinalardan yanvarda 613 dona, fevralda 942 dona, martda 1,1 mingta import qilingan. Keyinchalik raqamlar aprelda 3 mingta, mayda 3,9 mingta, iyunda 4,5 mingta, iyulda 6,5 mingtaga yetgan. Avgustga kelib, xorijdan elektromobil sotib olish ulushi sezilarli oʻsdi va 8,1 mingtani tashkil etdi.
Oʻtgan oyda qiymati $43,6 mlnlik 2,4 mingta benzinda harakatlanuvchi yengil avtomobil import qilingan. Taqqoslash uchun, 2024-yil mos davrida $34,2 mlnga 1,6 mingta shunday mashinalar olib kelingan. Biroq gibrid avtomobillar importi keskin qisqargan. Sentabrda xorijdan $9 mlnga 240 dona gibrid avtomobil xarid qilingan boʻlsa, oʻtgan yilning shu davridagi koʻrsatkich $24,3 mlnga 1,4 mingtani tashkil etgan.
Umuman olganda, 2025-yil yanvar–sentabr oylarida Oʻzbekistonga $473 mlnlik 40,3 ming dona elektromobil import qilingan. Taqqoslash uchun, 2024-yilning toʻqqiz oyida $182 mlnga 16,2 mingta mazkur turdagi yengil mashinalar olib kelingan. Bunda import 2,5 baravar oʻsgani koʻrinadi.
Bojxona qoʻmitasi maʼlumotlaridan kelib chiqilsa, oʻtgan yili elektromobillar oʻrtacha $4,7 mingdan import qilingan. Joriy yildagi narx esa oʻrtacha $9,9 mingdan oshgan.
Toʻqqiz oylik hisobda benzinli avtomobillar importi ulushi kamligicha qolmoqda. Yaʼni yanvar–sentabr oylarida chet eldan 13,5 mingta, 2024-yil shu davrida 26,6 mingta benzinda yuruvchi mashinalar xarid qilingan. Toʻqqiz oylik davrda gibridlar importi ham keskin kamayganini koʻrish mumkin — 2,2 mingta (oʻtgan yil shu davrida 11,4 mingta).
Eslatib o’tamiz, sentabr oyida O‘zbekistonda avtomobillarni ekologik sertifikatlashtirish bekor qilindi. Muomalaga chiqarilayotgan mashinalarning xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament talablari asosida baholanadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ