Sentabr oyida umumiy inflyatsiya darajasi 8% gacha pasaydi
Bir oyda iste’mol narxlari indeksida oziq-ovqat mahsulotlarining 68%i narxi oshgan, 32%i arzonlashgan

Фото: ТАСС
Markaziy bank 2025-yil sentyabr holatiga inflyatsiya ko‘rsatkichlari bo‘yicha tahliliy infografikani taqdim etdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda umumiy inflyatsiya darajasi 2022-yildagi 12,3% dan 2025-yil sentabr oyiga kelib 8% gacha pasaygan.
Inflyatsiyasi 10% dan yuqori bo‘lgan tovar va xizmatlar ulushi ham sezilarli darajada qisqargan — 2022-yilda 52% bo‘lgan bo‘lsa, joriy yil sentabrida bu ko‘rsatkich 14% ga kamaygan.
Markaziy bank tahlillariga ko‘ra, yil davomida ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxi pasaygan: ovqat yog‘i — 59,2% ga, sabzi — 57,5% ga, pomidor — 31,5%ga, kartoshka esa 8,1% ga arzonlashgan. Shu bilan birga, ayrim mahsulotlar, jumladan qovoq (+10,9%), limon (+52,6%) va baqlajon (+22,3%) narxi oshgan.
Nooziq-ovqat mahsulotlari orasida propan (+7%), tabiiy gaz (+11%) va dezodorant (+10,5%) qimmatlashgan bo‘lsa, qog‘oz (A4) — 3,7% ga, metan — 19,3% ga arzonlashgani qayd etilgan.
Xizmatlar sohasida sug‘urta 3,1% ga, mikromoliyaviy xizmatlar 2,6% ga pasaygan. Biroq haydovchilik kurslari narxi 73,3% ga, transport xizmatlari esa 57,8% ga oshgani qayd etilgan.
Umuman olganda, iste’mol narxlari indeksi tahliliga ko‘ra, oziq-ovqat mahsulotlarining 68%i narxi oshgan, 32%i arzonlashgan. Nooziq-ovqat mahsulotlarining 86%i qimmatlashgan, 14%i arzonlashgan. Xizmatlar sohasida esa 90% narxlar oshgan, 10%ida pasayish kuzatilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ