Sea Breeze Uzbekistan loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamalari 23-yanvarga belgilandi
Loyihaning atrof-muhitga ta’siri masalalari Bo‘stonliq tumani hokimligida ko‘rib chiqiladi
Фото: Sea Breeze
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani hokimligi binosida Sea Breeze Uzbekistan yangi turistik majmuasi qurilishining atrof-muhitga ta’sirini baholash (AMTB) bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi o‘tkaziladi. Bu haqda Ekologik ekspertiza markazi matbuot xizmati xabar berdi.
Muhokama 23-yanvar kuni soat 10:00 da G‘azalkent shahrida, Mustaqillik ko‘chasi, 14-uy manzilida bo‘lib o‘tadi. Loyiha Chorvoq suv omborining sharqiy qirg‘og‘ida zamonaviy dam olish infratuzilmasini barpo etishni nazarda tutadi.
Uchrashuv davomida loyiha doirasidagi arxitektura va rejalashtirish yechimlari, shuningdek, qurilishning atmosfera havosi, tuproq va suv resurslariga bo‘lgan ta’siri tahlil qilinadi. Chiqindilar bilan ishlash tartibi, yashil hududlarni muhofaza qilish, ekologik monitoring mexanizmlari ham muhokama qilinadi.
Loyiha hujjatlari respublikaning amaldagi ekologik qonunchiligi talablariga muvofiq ishlab chiqilgan. Mutaxassislar, mahalliy aholi va boshqa manfaatdor shaxslar o‘z taklif va e’tirozlarini yozma shaklda yoki bevosita muhokama jarayonida bildirishlari mumkin. Jarayonni muvofiqlashtirish uchun mas’ullar etib tashkiliy masalalar bo‘yicha Mars Xegay, OAV bilan aloqalar bo‘yicha Nigina Amanova va Oraz Abdurazakov belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, 577 gektar maydonda amalga oshiriladigan Sea Breeze Uzbekistan loyihasining umumiy qiymati $5 mlrdni tashkil etadi. Ushbu mablag‘lar Agalarov Development kompaniyasi tomonidan to‘liq xususiy investitsiyalar hisobidan, byudjet mablag‘lari jalb etilmagan holda yo‘naltiriladi. Quruvchi kompaniya hudud infratuzilmasini rivojlantirish uchun $240 mln miqdorida infratuzilma yig‘imini to‘lashi, shuningdek, Chorvoq suv omboriga oqova suvlar tashlanishini to‘liq taqiqlab, ularni Chirchiqdagi tozalash inshootlariga yo‘naltirishi shart. Ekologik va shaharsozlik talablariga rioya etilishi ustidan Bosh prokuratura hamda Ekologiya vazirligi tomonidan nazorat olib boriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ