Endilikda rieltorlik xizmatlari “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatiladi
Senat yangi tahrirdagi “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi
7-aprel kuni Senat yalpi majlisda yangi tahrirdagi “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi.
Ma’lum qilnishicha, bugungi kunda respublikada 285 ta rieltorlik tashkiloti va 684 ta rieltor hamda Rieltorlik tashkilotlari uyushmasi hamda va O‘zbekiston Rieltorlar gildiyasi (rieltorlik birlashmalari) faoliyat yuritmoqda. Ko‘rsatilgan rieltorlik xizmatlari hajmi 2024-yilda 50 mlrd so‘mni (2023-yilda — 43 mlrd so‘m) tashkil etgan.
Shu bilan birga, Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning o‘zida 108 nafar norasmiy vositachilar (maklerlar) umumiy qiymati 3,9 trln so‘mlik 19 mingta ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlarda vakil sifatida ishtirok etgan. Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining “Shaxsiy kabinet” axborot tizimida 285 ta rieltorlik tashkilotidan faqat 129 tasi (45 foiz) ro‘yxatdan o‘tgan.
Shuningdek, amaldagi “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun 2010-yilda qabul qilingan bo‘lib, rivojlanib borayotgan ko‘chmas mulk bozorining zamonaviy talablarini qamrab olmagani qayd etildi. Xususan, rieltorlik faoliyatini “soyadan” chiqarish, sohada yashirin amaliyotlarni qisqartirish, ko‘chmas mulk bozorining raqamli transformatsiyasi va rieltorlik xizmatlarini “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatish bo‘yicha huquqiy instrumentlar belgilanmagan.
Rieltorlik subyektlari faoliyatining shaffofligini ta’minlovchi mexanizmlar nazarda tutilmagani iste’molchilarning huquqlari buzilishiga sharoit yaratib bermayotgani, rieltorlik faoliyatida jinoiy daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish masalalari to‘liq yoritilmagani ta’kidlandi.
Ma’lum qilinishicha, yangi tahrirdagi “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun biznesning “soyadan” chiqishini rag‘batlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishga xizmat qilishi qayd etildi
Qonun yashirin iqtisodiyotning shakllanishiga olib keladigan sabablar va omillarni aniqlash, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rishga hamda xizmat ko‘rsatish sohasidagi norasmiy mehnat faoliyatini yuritish holatlarini aniqlash va bartaraf etishga ko‘maklashadi.
Qonun rieltorlik faoliyatini tartibga solish shakli sifatida litsenziyalashni bekor qilish va ba’zi funksiyalarni o‘zini-o‘zi boshqarish jamoat tashkilotlariga bosqichma-bosqich o‘tkazishni ta’minlashi kerak.
Rieltorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organi va rieltor faoliyati sohasidagi professional jamoat tashkilotlari bilan birgalikda, moliya-xo‘jalik faoliyatiga aralashmagan holda, rieltorlik tashkilotlari ishi sifatini tashqi nazorati tekshiruvidan o‘tkazish imkoniyati yaratiladi.
Barcha ishtirokchilar o‘rtasida jinoiy sxemalarga qarshi kurashish va ularni yo‘q qilish hamda moliyaviy intizomni mustahkamlash mexanizmlarini yaratilishini ta’minlaydi.
Ko‘chmas mulk bozorining barcha ishtirokchilarining mulk huquqlarini himoya qilish mexanizmlari yaratiladi.
Rieltorlik tashkilotlari va rieltorlik faoliyatini tartibga solish bo‘yicha maxsus vakolatli organ hamda rieltorlik xizmati byurtmachilari o‘rtasidagi bevosita munosabatlarni huquqiy tartibga solinishi ta’minlanadi.
Shuningdek, rieltorlik xizmatlarini ko‘rsatish tartibini belgilovchi milliy standartlar instituti joriy etilmoqda.
Rieltorlik xizmatlarini “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatish, ko‘chmas mulkka oid hisob-kitoblarni elektron shaklda amalga oshirish (kliring) imkonini beruvchi multilisting tizimlarini tashkil etish tartibi joriy etilmoqda.
Qonun bilan rieltor va ko‘chmas mulk bo‘yicha agentga rieltorlik xizmatlarini ko‘rsatish shartnomasi doirasida o‘z nomidagi ko‘chmas mulk obyekti va unga bo‘lgan huquqlar bilan bog‘liq bitimlarni tuzish taqiqlanmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ