O‘zbekistonda investitsiya platformalari uchun “regulyator qumdoni” qoidalari tasdiqlandi
Operatorlar serverlarni mamlakat ichida joylashtirishi va tranzaksiyalar haqidagi ma’lumotlarni 5 yil saqlashi shart
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Milliy istiqbolli loyihalar agentligi investitsiya platformalarining maxsus huquqiy rejim — “regulyator qumdoni” doirasida faoliyat yuritish tartibini tasdiqladi. Tegishli nizom Lex.uz portalida e’lon qilindi.
Mazkur maxsus rejim muqobil moliyalashtirish mexanizmlarini sinovdan o‘tkazish va joriy etish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, qoidalar joriy yilning 1-oktyabriga qadar amal qiladi. Platformalar orqali yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar, jumladan xorijiy investorlar hisobidan ham mablag‘ jalb qilishi mumkin. Har bir investitsiya operatsiyasi elektron shartnoma bilan rasmiylashtirilishi shart.
Investitsiya platformasi operatori maqomini faqat O‘zbekiston rezidenti bo‘lgan kompaniya olishi mumkin. Operatorning server uskunalari mamlakat hududida joylashgan bo‘lishi, dasturiy ta’minot esa shaxsiy ma’lumotlarni himoyalash va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi qonunchilik talablariga mos kelishi lozim.
Tranzaksiyalar, platforma ishtirokchilari va xizmat yozishmalari haqidagi ma’lumotlar kamida 5 yil davomida saqlanishi kerak. Agentlik ushbu ma’lumotlarni istalgan vaqtda talab qilish huquqiga ega. Rahbarlar va bosh buxgalterlarga ham qat’iy talablar qo‘yiladi: tegishli oliy ma’lumotga ega bo‘lishi va moliya yoki IT sohasida kamida 2 yillik ish tajribasi talab etiladi. Korrupsiya yoki iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha sudlangan shaxslar bunday tashkilotlarda ishlashi yoki muassis bo‘lishi mumkin emas.
“Regulyator qumdoni”da ishlash uchun kompaniya elektron ariza topshiradi, u 20 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ma’qullangan taqdirda, platforma maxsus reyestrga kiritiladi. Faoliyat bo‘yicha hisobotlar har oyda, oyning 5-sanasiga qadar taqdim etilishi shart. Ikki oy ketma-ket hisobot topshirilmasa, kompaniya maxsus rejimdan chiqariladi.
Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yil avgust oyida investitsiyalarni soddalashtirilgan tartibda jalb qilish tizimini yaratish tashabbusini ilgari surgan edi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, venchur va ulushli moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish yiliga qariyb $1 mlrd investitsiya jalb qilish imkonini beradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ