2026-yil oxirigacha “Raqamli hukumat” dasturida elektron davlat xizmatlari ulushi 70% ga yetkaziladi
Xususan, 2025-yil 1-noyabrdan boshlab mobil operatorlar, banklar va to‘lov tizimlari o‘z ilovalari orqali YAIDXP’dagi pulli davlat xizmatlarini taqdim eta oladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2025-2026-yillarda “Raqamli hukumat” dasturi doirasida 41 ta ustuvor loyihani ishga tushirish, elektron davlat xizmatlari ulushini 70% ga yetkaziladi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi.
Prezident Mirziyoyev joriy yilning 1-iyulida bu haqdagi rejalar taqdimoti bilan tanishgandi.
Imzolangan qarorga muvofiq, 2025-yil 1-noyabrdan mobil aloqa operatorlari, tijorat banklari, to‘lov tashkilotlariga mobil ilovalar orqali YAIDXP (Yagona portal)dagi pulli elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.
2025-yil 1-dekabrdan nodavlat notijorat tashkilotlariga “Raqamli hukumat” tizimining Idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali belgilangan tartibda elektron idoralararo hamkorlikni amalga oshirishga ruxsat beriladi.
2026-yil 1-yanvardan fuqarolarning ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha murojaati, mahallalardagi oilalar va aholi ma’lumotlarini yuritish hamda mahallalarda aholi bilan ishlash jarayonlari “Raqamli mahalla” platformasi orqali amalga oshiriladi.
Kelgusi yilning 1-dekabrigacha quyidagi imkoniyatlarga ega “Raqamli hukumat” tizimining “OASIS” yagona raqamli platformasi ishlab chiqiladi:
- davlat axborot tizimlarini yaratish va rivojlantirishda yagona texnologik yondashuvni ta’minlash;
- modullarga asoslangan texnologiyalar yordamida axborot tizimlarini yaratish jarayonlarini maqbullashtirish;
- davlat axborot tizimlarining moslashuvchanligi, xavfsizligi va samaradorligini oshirish.
2025-yil 1-noyabrdan esa “Raqamli startaplar” dasturi va (yoki) Markaziy bankning “tartibga solish qumdoni”da ishtirok etuvchi startap loyihalarga Raqamli ma’lumotlar platformasidan 1-yilgacha bepul foydalanish imkoniyati beriladi.
Shuningdek, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini olgan IT-park rezidentlarining xorijiy mutaxassislari uchun masofadan bank hisobvaraqlari hamda virtual bank kartalari ochishga ruxsat beriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ