Qozog‘istonda xorijliklar uchun “oltin viza” joriy etiladi
Ruxsatnomani $300 ming evaziga olish mumkin

Qozog‘istonda xorijliklarga 10 yilgacha yashash uchun ruxsatnoma olish imkonini beruvchi “oltin viza” joriy etiladi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Mamlakatda investor vizasini olishning yangi qoidalari tasdiqlandi. Unga ko‘ra, Qozog‘iston kompaniyalarining ustav kapitaliga yoki mahalliy emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarga kamida $300 ming miqdorida sarmoya kiritgan chet el fuqarolari investor vizasini olish uchun elektron ariza topshirishi mumkin bo‘ladi. Ushbu “oltin viza” keyinchalik respublikada 10 yilgacha yashash uchun ruxsatnoma olish imkoniyatini nazarda tutadi.
Bu mamlakatning investitsion jozibadorligini mustahkamlashga qaratilgan. Bunday vizaviy dasturlar AQSH, BAA va Yevropa Ittifoqi allaqachon qo‘llanilmoqda. Ular kapital, texnologiyalar va biznes faoliyatini jalb qilishda samarali vosita sifatida o‘zini oqlagan.
Qozog‘iston ham bu yondashuvga qo‘shilmoqda va o‘zining investitsion rezidentlik modelini taklif qilmoqda. “Oltin vizalar”ni berish xorijiy investorlar uchun qulay va barqaror muhit yaratadi, huquqiy kafolatlarni ta’minlaydi va Qozog‘istondagi investitsiya muhitiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi.
Bu yangilik mamlakatning ochiqlik, kapitalni himoya qilish va barqaror xalqaro iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan strategik yo‘nalishini aks ettiradi, deya ta’kidladi Tashqi ishlar vazirligi.
Hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan (30-aprel) e’tiboran 10 kun o‘tgach kuchga kiradi.
O‘zbekistonda ham $250 ming evaziga “oltin viza” joriy qilinmoqda. Ruxsatnoma 5 yil muddatga ariza beruvchining har bir oila a’zosiga $150 ming evaziga beriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ