Toshkentdagi Qo‘yliq bozori rekonstruksiya davrida ham ishlaydi
Shuningdek, Yunusobod dehqon bozoridagi avtoturargohlar kengaytirilmoqda

Photo: Yandex map
Ilgari muqobil savdo joylarini tayyorlash zarurati tufayli to‘xtatilgan Qo‘yliq bozori hududining bir qismini reorganizatsiya qilish va obodonlashtirish ishlari qayta tiklandi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Hokimlik bozor “yanada tartibga keltirilgani” ni, jumladan, tadbirkorlar uchun joylar yaratilganini qayd etdi. Shuningdek, barcha ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda, shu bilan birga, savdo faoliyati to‘xtatilmagan.
Bungacha bozor hududida muammolar to‘planib qolgani, bular qatorida jinoyatchilik xavfi, eskirgan kommunikatsiyalar sababli yuzaga kelgan mayda yong‘inlar, sanitariya me’yorlarining buzilishi hamda odamlar salomatligiga xavf soluvchi tartibsiz savdo holatlari qayd etildi.
Shundan kelib chiqib, bozor xalqaro shahar standartlari asosida rekonstruksiya qilinmoqda. Hokimlik ishlar yakunlangach, hudud tadbirkorlar hamda tashrif buyuruvchilar uchun “qulay va xavfsiz makonga aylanishi” ga ishonmoqda.
Bundan tashqari, Yunusobod bozori hududining bir qismida ham rekonstruksiya ishlari boshlangan. Jarayonda Ahmad Donish ko‘chasi bo‘ylab, jumladan, yo‘l o‘tkazgich ostidagi avtomobil uchun to‘xtash joylari 180 tadan qariyb 350 ga yetkazildi.
Ilgari avtoturargohda amalga oshirilgan avtomobillarning tartibsiz savdo harakati o‘tish yo‘llariga salbiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, hozir bu tartibga solinmoqda — avtomobillardan savdo qilgan shaxslar 50 metr ichkariga, maxsus tashkil etilgan hududga ko‘chirilmoqda. Bu yerda savdo qilish uchun qulay va xavfsiz sharoitlar yaratilgan.
Poytaxt hokimligi rekonstruksiya jarayonida har ikkala bozorda ham tartib o‘rnatish, sanitariya sharoitlarini yaxshilash, infratuzilmani yangilash va umumiy xavfsizlik darajasini oshirish maqsad qilinganini qayd etdi.
Shuningdek, kelgusida soliq to‘lovlari tizimini raqamlashtirish rejalashtirilgan, bu to‘lovlarning shaffofligini ta’minlashi hamda yashirin iqtisodiyotning bozordagi ta’sirini kamaytirishi kutilmoqda.
Avvalroq Toshkentdagi Risoviy bozori sotuvga chiqarilgani haqida xabar berilgandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ