Qanot Sharq MDHda birinchi bo‘lib Airbus A321XLR samolyotini qabul qildi

Aviakompaniya yangi havo kemalari orqali AQSH va Osiyo yo‘nalishlarida parvozlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda

Qanot Sharq MDHda birinchi bo‘lib Airbus A321XLR samolyotini qabul qildi

Xususiy aviakompaniya Qanot Sharq to‘rtta Airbus A321XLR samolyotidan birinchisini foydalanishga qabul qildi. Bu haqda tashuvchi kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Havo kemasi AQSHning Air Lease kompaniyasi bilan tuzilgan uzoq muddatli lizing shartnomasi asosida Germaniyaning Gamburg shahrida topshirildi. Ushbu yetkazib berish Qanot Sharqni Markaziy Osiyo va MDH davlatlari orasida A321XLR modelini ekspluatatsiya qilayotgan ilk aviakompaniyaga aylantirdi. Samolyot parkining kengayishi Nyu-York, Pusan va Sanya yo‘nalishlari bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri va tranzit reyslarni ochish imkonini beradi.

Layner CFM LEAP-1A dvigatellari bilan jihozlangan bo‘lib, 190 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan. Biznes-klassda 16 ta, ekonom-klassda esa 174 ta o‘rindiq mavjud. Salon kengaytirilgan yuk javonlari bilan ta’minlangan bo‘lib, ularning sig‘imi avvalgi modellarga nisbatan 60% ga katta. Shuningdek, yo‘lovchi o‘rindiqlarida mobil qurilmalarni quvvatlash uchun zaryadlash portlari o‘rnatilgan.

A321XLR samolyotining parvoz masofasi 4,7 ming dengiz milini tashkil etadi, bu esa A321LR versiyasiga nisbatan 15% ga ko‘proq. Bir o‘rindiqqa to‘g‘ri keladigan yoqilg‘i sarfi 30% ga kamaygan, shovqin va zararli chiqindilar darajasi esa pasaytirilgan. Samolyot SAF ekologik yoqilg‘isi bilan 50% gacha aralashmada ishlash imkoniyatiga ega. Hozirga qadar ishlab chiqaruvchi ushbu modelga 500 dan ortiq buyurtma qabul qilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Ilon Maskning boyligi qariyb $750 mlrdga yetdi
/
Ilon Maskning boyligi qariyb $750 mlrdga yetdi
Dunyoda oltin narxi rekordni yangilab, $4 400 dan oshdi
/
Dunyoda oltin narxi rekordni yangilab, $4 400 dan oshdi
O‘zbekiston va Yaponiya $12 mlrdlik qo‘shma loyihalarni amalga oshiradi
/
O‘zbekiston va Yaponiya $12 mlrdlik qo‘shma loyihalarni amalga oshiradi