O‘zbekistonda pensiya hisoblashning bazaviy miqdori oshirildi
1-oktabrgacha “Pensiya” tizimida fuqarolarning telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilish imkoniyati yaratiladi

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekiston qonunchiligida 2025-yil 1-iyuldan bir qator o‘zgarish va yangiliklar kuchga kirdi. Quyida ushbu sanadan kuchga kirgan asosiy o‘zgarishlar taqdim etildi.
Pensiya va nafaqalar miqdori 10% ga oshdi.
Bunda:
- yoshga doir eng kam pensiya miqdori — oyiga 918 ming so‘m;
- nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori — oyiga 1 mln 012 ming so‘m;
- kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasining har oylik miqdori:
- 3 yoshgacha bo‘lgan bitta kichik farzandi uchun — 360 ming so‘m, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzandi uchun — 275 ming so‘m;
- oilaning ikkinchi farzandi uchun qo‘shimcha — 165 ming so‘m;
- oilaning uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun qo‘shimcha — 110 ming so‘m;
- kam ta’minlangan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori – 420 ming so‘m bo‘ldi.
Shuningdek, qaror bilan “Nogironlik pensiyasini proaktiv shaklda tayinlash bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish” sxemasi tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, proaktiv shaklda pensiya tayinlangan yoki tayinlash rad etilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar fuqarolarga SMS-xabar ko‘rinishida yuboriladi.
Bunda SMS-xabarni yetkazish imkoni bo‘lmaganda xabarlar respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan fuqaroning yashash manziliga yetkazib beriladi.
2025-yil 1-oktabrgacha “Pensiya” axborot tizimida fuqarolarning JSHSHIR ma’lumotlari asosida ularning nomiga rasmiylashtirilgan mobil aloqa abonent raqamlariga qo‘ng‘iroq qilish imkoniyati yaratiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ