DSQ: QR-kod yaratish majburiy, Paynet Xolisda ro‘yxatdan o‘tish ixtiyoriy holda qolmoqda
Qo‘mita mutaxassislari elektron maydonlarda ishlashning yangi qoidalari bo‘yicha tushuntirishlar berdi
Soliq qo‘mitasi o‘tkazgan onlayn seminar davomida yakka tartibdagi tadbirkorlar (YATT) va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun raqamli platformalarda QR-kod shakllantirish majburiyati borligi ma’lum qilindi. Bunda asosiy talab — tadbirkorda elektron to‘lovni qabul qilish imkoniyati mavjud bo‘lishi, platformaning o‘zi esa alohida majburiyat sifatida belgilanmagan.
Qo‘mita vakilining tushuntirishicha, agar YATT yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs faqat yuridik shaxslar bilan shartnoma asosida, naqd pulsiz hisob-kitob orqali ishlasa ham, u raqamli platformada ro‘yxatdan o‘tib, QR-kod shakllantirishi shart. Sababi, har qanday holatda ham to‘lov qiluvchi tomon — yuridik shaxs yoki boshqa iste’molchi — mobil qurilma orqali QR-kod yordamida to‘lovni amalga oshirishni xohlashi mumkin.
Soliq qo‘mitasi vakili ta’kidlashicha, QR-kodning mavjud emasligi nazorat-kassa mashinasini qo‘llamaslik bilan teng huquqbuzarlik sifatida baholanadi va bu jarima choralariga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois, QR-kod tadbirkorda “xohlasin-xohlamasin” bo‘lishi shart bo‘lgan texnik talab sifatida ko‘riladi.
Shu bilan birga, qo‘mita vakili ushbu mexanizmga faqat majburiyat sifatida emas, balki zamonaviy va qulay moliyaviy instrument sifatida qarashga chaqirdi. Uning aytishicha, raqamli platformalar orqali tadbirkor:
- bir joydan turib ro‘yxatdan o‘tishi,
- darhol to‘lov qabul qilishi,
- schyot-fakturalarni mobil ilova orqali tasdiqlashi,
- mablag‘larni boshqa manzilga o‘sha ilovaning o‘zida o‘tkazishi mumkin.
Bu, ayniqsa, yangi ish boshlayotgan yosh tadbirkorlar, xizmat ko‘rsatish sohasi vakillari — sartaroshlar, kosmetologlar, kichik savdo nuqtalari uchun qulay ekani qayd etildi. Ta’kidlanishicha, aynan ushbu mexanizm orqali ilgari soliqqa chiqishdan cho‘chib yurgan ko‘plab tadbirkorlar uchun halol, shaffof va qonuniy faoliyat yuritish imkoniyati yaratilgan.
Ma’lumot o‘rnida, 247-sonli qaror bilan mazkur toifadagi tadbirkorlar uchun soliq yuklamasi 4% dan 1% ga tushirilgani ham eslatib o‘tildi. Bu esa raqamli platformalar orqali ishlashni yanada rag‘batlantiruvchi omil sifatida baholanmoqda.
Shu bilan birga, ayrim tadbirkorlar tomonidan mazkur dasturdan foydalanishni istamaslik holatlari ham bildirilmoqda. Biroq Soliq qo‘mitasi vakillari ushbu tizim qo‘shimcha byurokratiya emas, aksincha, ortiqcha hujjatlar, shartnomalar va xarajatlarsiz biznesni bitta telefon orqali boshqarish imkonini berishini ta’kidlamoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ