O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi texnikasini sotib olish uchun $400 mln sarmoya jalb qilinadi
Texnikalar 10 yilga 18% stavkada berilib, kredit stavkasining 8%i budjet hisobidan qoplab beriladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyev qishloq xoʻjaligini maxsus texnika bilan taʼminlash hamda sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Soʻnggi yillarda 1 756 ta paxta terish mashinasi xarid qilindi va paxta terimining mexanizatsiya darajasi 52% ga yetdi. Oʻtgan mavsumda 2,1 mln tonna paxta mashina yordamida yigʻib olingan. Buning hisobiga keyingi besh yilda qoʻl mehnati 1,8 barobar qisqardi.
Navbatdagi vazifa paxtani mashinada terish ulushini kamida 70% ga yetkazish ekani qayd etildi. Buning uchun 2026-yilda 800 ta paxta terish mashinasi, shuningdek, 6 mingta seyalka, traktor va kombayn xarid qilinishi rejalashtirilgan. Umuman, yil davomida 10 mingta yangi texnika xarid qilinib, qishloq xoʻjaligi texnikalari parki 292 mingtaga yetkazilishi koʻzda tutilgan.
Yangi texnikalarni fermerlarga qulay shartlarda lizingga berish maqsadida xalqaro moliya institutlaridan $400 mln jalb qilinadi. Texnikalar milliy valyutada 2 yillik imtiyozli davr bilan 10 yilga 18% stavkada berilib, kredit stavkasining 8%i budjet hisobidan qoplab beriladi.
Taqdimotda mamlakatda qishloq xoʻjaligi mashinasozligini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatishni kengaytirish ustuvor vazifa ekani taʼkidlandi.
2026—2028-yillarda mahalliy ishlab chiqariladigan texnika va agregatlar hajmini 5 barobarga, mahalliylashtirish darajasini qoʻshimcha 10% ga oshirish muhim ekani koʻrsatib oʻtildi.
Xususan, 2026-yilda ishlab chiqarish 6 ming donagacha yetkazilishi, 2028-yilga qadar mahalliylashtirish koʻrsatkichi oʻziyurar texnikada 30-35% ga, osma va tirkamali texnikada 60-65% ga chiqarilishi rejalashtirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ