O‘zbekiston Yevroosiyo Taraqqiyot Banki a’zosiga aylandi
Bankning ustav kapitalida O‘zbekiston Respublikasiga har birining nominal qiymati $1 ming bo‘lgan 777 ming dona aksiya ajratildi

Фото: Sputnik
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2025-yil 16-sentabrda qabul qilgan qaroriga muvofiq, mamlakatimiz rasmiy ravishda Yevroosiyo Taraqqiyot Bankiga (YeOTB) a’zo bo‘ldi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.
Bankning ustav kapitalida O‘zbekiston Respublikasiga 777 ming dona aksiya ajratildi. Har bir aksiyaning nominal qiymati $1 000 etib belgilangan. Shundan 168 ming dona (21,7 %) aksiyalar to‘liq to‘lanadi, qolgan 609 ming dona (78,3 %) esa talab qilinganda to‘lanishi belgilangan.
Aksiyalarni sotib olish bo‘yicha to‘lovlar jadvali tasdiqlandi. To‘lovlarni amalga oshirish Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuklatildi. 2025-yilda zarur mablag‘lar davlat byudjeti hisobidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga ajratiladi, 2026-yildan boshlab esa bu xarajatlar davlat byudjeti parametrlarida doimiy ravishda nazarda tutiladi.
Avvalroq deputatlar O‘zbekistonning YeOTBni tashkil etish to‘g‘risidagi bitimga qo‘shilish haqidagi qonun loyihasini ma’qullagan edi. Ushbu qadam mamlakatning yana bir xalqaro moliya tashkilotiga a’zoligini huquqiy jihatdan ta’minlash hamda uning resurslaridan mamlakat iqtisodiy taraqqiyoti yo‘lida foydalanishga qaratilgan.
Ma’lumot uchun, YeOTB 2006-yilda Rossiya va Qozog‘iston tomonidan tashkil etilgan. Bugungi kunga qadar bankning a’zolari Rossiya, Belarus, Armaniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston hisoblanadi.
Joriy yil 9-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning Yevroosiyo Taraqqiyot Bankini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimga qo‘shilishiga ruxsat beruvchi qonunni imzoladi. Mazkur qonun 2025-yil yanvar oyida Oliy Majlis tomonidan, mart oyida esa Senat tomonidan tasdiqlangan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ