1-iyundan O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida vizasiz rejim joriy etilmoqda
Ikki davlat vakillari 30 kundan 90 kungacha viza talablaridan ozod qilinadi

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida o‘zaro vizadan ozod qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo Bitim kuchga kirishi uchun davlat ichki protseduralari tugallandi. Bu haqda TIV ma’lum qildi.
Ko‘rsatilgan xalqaro shartnomaning qoidalariga binoan, Bitim 2025-yil 1-iyundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zaro bitimga muvofiq, tomonlar davlatlari fuqarolari ikki davlat hududlariga kirish, undan chiqish yoki tranzit qilish uchun har bir alohida bo‘lish muddati 30 kundan oshmaydigan muddatda va har qanday 180 kunlik davr ichida jami 90 kundan ortiq bo‘lmagan muddatda viza talablaridan ozod qilinadi.
Vizasiz rejim mehnat faoliyati, o‘qish va media faoliyati bilan shug‘ullanish, shuningdek, boshqa tomon vakolatli organlarining oldindan roziligini talab qiladigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Ko‘rsatilgan bitim Xitoyning Gongkong va Makao maxsus maʼmuriy hududlariga tashrif buyurishga nisbatan amal qilmaydi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ