O‘zbekiston turizm eng tez o‘sayotgan davlatlar TOP–6 taligiga kirdi
Joriy yilning to‘qqiz oyida turistik oqim pandemiyagacha bo‘lgan darajadan 73% ga oshdi
O‘zbekiston sayohat va turizm sohasi eng tez tiklanayotgan davlatlar global reytingida oltinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda UN Tourism tashkiloti tomonidan e’lon qilingan World Tourism Barometer hisobotida qayd etilgan.
Tahlillarga ko‘ra, 2025-yil yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistonga kelgan xalqaro sayyohlar oqimi pandemiyadan oldingi davrning mos davriga nisbatan 73% ga oshgan. Eng yaxshi ko‘rsatkichlarga ega davlatlar ro‘yxatida respublika Bahrayn (+76%) va Kyurasao (+68%) o‘rtasida joylashgan.


Reytingda mutlaq yetakchi sifatida Butan qayd etilgan — bu mamlakatda sayyohlar oqimi 203% ga oshgan. Kuchli uchlikdan, shuningdek, Qatar (+138%) va Salvador (+88%) ham o‘rin oldi. Yevropa mintaqasida yuqori natijalarni Albaniya (+83%) va Moldova Respublikasi (+63%) namoyish etdi.
Global miqyosda xalqaro turizm tiklanishda davom etmoqda: joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida dunyo bo‘ylab sayohatchilar soni 1,1 mlrd kishiga yetdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 5% ga, 2019-yil darajasidan esa 3% ga yuqori.
Shu bilan birga, O‘zbekiston kiradigan Osiyo–Tinch okeani mintaqasida umumiy tiklanish sur’ati nisbatan sekin — ko‘rsatkichlar inqirozgacha bo‘lgan darajaning 90% iga yetgan. Biroq O‘zbekiston, Vyetnam va Yaponiya kabi ayrim yo‘nalishlar o‘sish sur’atlari bo‘yicha o‘rtacha global ko‘rsatkichlardan ilgarilab ketmoqda.
BMT ekspertlarining ta’kidlashicha, xizmatlar sohasidagi inflyatsiya va geosiyosiy keskinlikka qaramay, xalqaro sayohatlarga bo‘lgan talab barqarorligicha qolmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ