O‘zbekiston – Fransiya o‘rtasida Innovatsiya va sanoat sherikligi dasturi amalga oshiriladi
Qo‘shma loyihalar portfeli 12 mlrd yevrodan ziyodni tashkil etmoqda

Prezident matbuot xizmati
Kecha, 12-mart kuni Yelisey saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy va investitsiya-moliyaviy sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, Fransiyaning yetakchi kompaniya va korxonalari bilan kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga ustuvor ahamiyat qaratildi.
Bu galgi sammitga yangi Innovatsiya va sanoat sherikligi dasturi tayyorlangan. Muhim mineral xomashyo resurslarini qazib olish va qayta ishlash, energetika, infratuzilmani rivojlantirish, transport va boshqa tarmoqlarda umumiy qiymati 6,5 mlrd yevrolik qo‘shma loyihalarni ilgari surish ko‘zda tutilgan.
Umuman, qo‘shma loyihalar portfeli 12 mlrd yevrodan ziyodni tashkil etmoqda.
Prezident Mirziyoyev uzoq muddatli kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston-Fransiya investitsiya kengashini ta’sis etish va uning birinchi yig‘ilishini joriy yil iyun oyida Toshkent investitsiya forumi doirasida o‘tkazishni taklif etdi.
Hududlararo aloqalarni rag‘batlantirish maqsadida kelgusi yilda Samarqand shahrida ikki mamlakat hududlarining birinchi forumini o‘tkazishga kelishib olindi.
Yetakchilar gumanitar yo‘nalishdagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratdilar. Parij shahrida Savitskiy muzeyi to‘plamidagi avangard asarlar ko‘rgazmasini tashkil etish, madaniy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha hamkorlik uchun mamlakatimizda Fransiya merosi instituti vakolatxonasini ochish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Ishbilarmonlik, turizm va madaniy almashinuvlarni faollashtirish maqsadida tomonlar to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish masalasini ko‘rib chiqadilar.
Uchrashuv yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezident Emmanuel Makronni o‘zi uchun qulay vaqtda javob tashrifi bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ