O‘zbekiston yuqori texnologiyali mahsulotlar eksporti uch barobar oshdi
Xomashyo mahsulotlari ulushi eksportda 2017-yildagi 36,3% dan 2024-yilda 17,3% gacha qisqarib, deyarli 2 barobarga kamaydi

Фото: Министерство транспорта
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) asosida O‘zbekistonning 2017–2024 yillardagi eksporti tarkibining texnologik murakkabligi tahlil qilindi.
Qayd etilishicha, yuqori texnologiyali mahsulotlarning umumiy tovar eksportidagi ulushi 2017-yildagi 0,5% dan 2024-yilga kelib 1,5% ga yetdi, o‘sish esa 3 barobarni tashkil etdi. Asosiy ulushni televizorlar va televizion qurilmalar (14,6%), aylanuvchi elektr uskunalar (14,2%), elektr jihozlari va apparaturalari (10,8%) hamda elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi mashinalar va ularning qismlari (9,7%) egalladi.
Past texnologiyali mahsulotlarning eksportdagi ulushi 14,2% dan 17,1% gacha o‘sgan, tarkibi ham sezilarli darajada murakkablashgan.
Asosiy ulushni to‘qimachilik ipi (37,1%), to‘qimachilik mahsulotlaridan tayyor kiyim-kechak (13,1%), trikotaj va to‘qilgan matolar (8,1%), tayyor to‘qimachilik buyumlari (6,3%), paxta matolari (4,4 %) egalladi.
O‘rta texnologiyali mahsulotlar eksportining umumiy ulushi barqaror 8% atrofida saqlanib turib, tarkibi murakkablashmoqda. Asosiy ulushni o‘g‘itlar (19,1%) va avtomobil qismlari va ehtiyot qismlar (18,6%), polietilen (12,3%), ichki yonuv dvigatellari (8,8%) va maishiy texnika (6,7%) egalladi.
Xomashyo mahsulotlari ulushi 2 barobarga qisqardi. 2017-yilda xomashyo mahsulotlarining eksportdagi ulushi 36,3% ni tashkil qilgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 17,3% gacha pasaygan.
2024-yilda xomashyo mahsulotlari eksportida yetakchi o‘rinlar quyidagicha bo‘ldi:
- mis – 30,96%;
- sabzavotlar – 18,6%;
- meva va yong‘oqlar – 15,8%;
- tabiiy gaz – 13,16%;
- kumush, platina va boshqa qimmatbaho metallar – 5,7%.
Tabiiy resurslardan qayta ishlangan mahsulotlar ulushi 2 barobarga oshdi. 2017-yilda bu toifa eksportda 3,9 % ulushga ega bo‘lgan bo‘lsa, 2024-yilga kelib 8,4% ga yetdi.
Yetakchi o‘rinlarni quyidagi mahsulotlar egalladi:
- neft yoki bitumli minerallar – 31,0%;
- bug‘doy uni va meslin uni – 19,2%;
- qayta ishlangan tamaki mahsulotlari – 4,3%;
- qurilish materiallari – 3,7%;
- qoldiq neft mahsulotlari – 3,5%.
MHTI xulosa qilishicha, 2017–2024 yillarda O‘zbekiston eksporti tarkibi murakkablashib, xomashyodan tayyor mahsulotlarga o‘tish jadallashdi. Past va o‘rta texnologiyali mahsulotlarda chuqur qayta ishlash kuchaymoqda, yuqori texnologiyali mahsulotlar eksporti esa barqaror o‘smoqda. Bu sanoat salohiyati va xalqaro raqobatbardoshlik oshayotganidan dalolat beradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ