O‘zbekiston oltin xaridi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni saqlab qoldi
Aprelda Markaziy bank 1 tonna oltin sotgan bo‘lsa-da, yil boshidan buyon 24 tonna sotib olgan
Фото: ТАСС
2026-yil aprel oyida dunyo markaziy banklari jami 17 tonna oltin xarid qildi. Bu haqda Jahon Oltin kengashi (WGC) hisobotida ma’lum qilindi.
Hisobotga ko‘ra, eng yirik xaridor Polsha Markaziy banki bo‘lib, mamlakat 14 tonna oltin sotib oldi. Natijada, Polshaning yil boshidan buyon xarid qilgan oltin hajmi 45 tonnaga yetdi. Mamlakatning oltin zaxiralari esa 595 tonnani yoki jami zaxiralarning qariyb 30% ini tashkil qilmoqda.
Shu bilan birga, Xitoy xarid sur’atini tezlashtirib, 8 tonna oltin xarid qilgan. Bu 2024 yil dekabridan beri kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Xitoy ketma-ket 18 oydan buyon muntazam ravishda oltin xarid qilib kelmoqda.
Chexiya Milliy banki ham aprel oyida 2 tonna oltin bilan o‘z zaxiralarini kengaytirgan.
O‘zbekiston Markaziy banki aprelda 1 tonna oltin sotgan bo‘lsa-da, yillik hisobda sof xaridor maqomini saqlab qolmoqda — jami 24 tonna. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha faqat Polshadan keyingi ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Hozirda O‘zbekistonning oltin zaxiralari taxminan 414 tonnani tashkil etib, bu mamlakat umumiy xalqaro zaxiralarining qariyb 88% iga teng.
So‘nggi uch yilda Sharqiy Yevropa va Osiyo markaziy banklari barqaror xarid dinamikasini namoyish etmoqda. Ular har oy o‘rtacha 12 va 11 tonna oltin sotib olib, rezerv siyosatini mustahkamlab bormoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ