OTB O‘zbekistonda STEM loyihasi uchun $100 mln miqdorida kredit ajratadi
Mablag'lar maktablarda STEM ta’limni modernizatsiya qilish uchun sarflanadi
Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi
Osiyo taraqqiyot banki va O‘zbekiston maktablarda STEM ta’limni modernizatsiya qilishga qaratilgan “O‘rta ta’limda STEM” loyihasi uchun 100 mln dollarlik kredit kelishuvi imzoladi. Bu haqda O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
17-noyabr kuni bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masato Kanda bilan uchrashdi.
Uchrashuvda hamkorlik transport, energetika, suv ta’minoti, ta’lim, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlarda rivojlanayotgani ta’kidlandi. O‘zbekiston tomoni aholining turmush sifatini oshirishga qaratilgan loyihalardagi ko‘magi uchun OTBga minnatdorlik bildirdi.
2026-yil may oyida Samarqandda o‘tadigan OTB Boshqaruvchilar kengashining 59 yillik yig‘ilishiga tayyorgarlik muhokama qilindi. Ushbu jarayonini muvofiqlashtirish uchun qo‘shma yo‘l xaritasini tasdiqlash taklif etildi.
Shuningdek, moliyalashtirish mexanizmlarini kengaytirish, iqtisodiy zonalar infratuzilmasini rivojlantirish, ayollar va yoshlar bandligini qo‘llab-quvvatlash, eksportga yo‘naltirilgan korxonalarni rag‘batlantirish kabi o‘rta muddatli tashabbuslar ko‘rib chiqildi. Tomonlar 2026−2030-yillar uchun yangi Hamkorlik dasturi bo‘yicha ham fikr almashdi.
Avvalroq Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonga 300 mln dollar qarz ajratganini xabar qilgandik. Mablag‘ mikro, kichik va o‘rta korxonalar uchun moliyalashtirishdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishni qo‘llab-quvvatlash va mamlakatning mikromoliyalash sektorini mustahkamlashga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ