Mohirdev tomonidan moliyalashtirilgan AI klasteri xorijiy bulutli AI infratuzilmasiga qaramlikni kamaytiradi
Yangi AI klasteri Mohirdev talabalariga katta til modellari va neyron tarmoqlari bilan amaliy ishlash imkoniyatini beradi
Mohirdev IT taʼlimi platformasi sun’iy intellektni rivojlantirish uchun keng koʻlamli investitsiyalar kiritilishini e’lon qildi: kompaniya shaxsiy SI klasterini yaratishga 1 million dollardan ortiq mablag‘ tikdi. Ushbu infratuzilma yirik miqyosdagi SI modellar, jumladan, katta til modellari (LLM), generativ sun’iy intellekt, kompyuter koʻrishi (CV) va korporativ yechimlarni o‘qitish hamda ishga tushirishga mo‘ljallangan.
Mohirdev tashkil qilgan yuqori unumdorlikka ega klaster mamlakatdagi eng yirik xususiy hisoblash SI installyatsiyalaridan biri hisoblanadi. Arxitekturasiga ko‘ra oddiy korporativ ma’lumotlar markazlaridan ko‘ra ko‘proq ilmiy-tadqiqot va super kompyuter markazlariga yaqin turadi.
SI klasterining texnik xarakteristikasi:
- yagona tizimga birlashtirilgan 30 ta hisoblash SI bog‘lamasi (nodes);
- 80 ta korporativ GPU tezlatgich;
- SI yuklamalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 1 440 ta CPU yadro;
- 4 TB birlashgan yuqori tezlikdagi operativ xotira (RAM);
- 250 TB atrofida o‘ta tezkor NVMe xotira;
- o‘tkazuvchanlik qobiliyati 400 Gbit/s gacha bo‘lgan ichki tarmoq infratuzilmasi.
Aniq vazifalarga qaratilgan ishlanma
Mohirdev asoschisi Anvar Narzullayev rahbarligida kompaniya buyurtmachilarning aniq ehtiyojlariga moslashtirilgan SI modellarni ishlab chiqmoqda. Bugungi kunda Mohirdevʼning amaldagi SI tizimlari real vaqt rejimida terabaytlab ma’lumotlarni qayta ishlayapti va bir qator davlat hamda xususiy tashkilotlarga murakkab masalalarni hal qilishda yordamlashyapti.
Biz bu klasterni faqat tijoriy loyihalar uchungina tashkil etganimiz yo‘q. Maqsadimiz – O‘zbekistonning bo‘lajak mutaxassislari o‘quv simulyatorlarida emas, haqiqiy SI tizimlarida ishlashni o‘rgansin. Endi bizda buni amalga oshirish imkonini beradigan infratuzilma mavjud, — deya taʼkidladi Mohirdev asoschisi Anvar Narzullayev.
Hisoblash infratuzilmasini mamlakat ichida joylashtirish SI sohasidagi mahalliy ekspertizani rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, yirik modellarni o‘qitish va ishga tushirishda xorijiy bulutli platformalarga boʻlgan bog‘liqlikni kamaytiradi.

Real infratuzilmada taʼlim olish
Yangi SI klasteri Mohirdev talabalariga katta til modellari va neyrotarmoqlar bilan amaliy ishlash imkonini yaratadi. Kompaniya rejalarida oʻquvchilar amaliyotchi mutaxassislar rahbarligida o‘z modellarini o‘qitishi va sinovdan o‘tkazishi mumkin bo‘lgan maxsus modullarni ishga tushirish ko‘zda tutilgan.
Ta’lim yo‘nalishining asosiy maslahatchilari orasida Google kompaniyasining SI va mashina o‘rganishi (ML) bo‘yicha dasturiy ta’minot ishlab chiqish boʻyicha eksperti Adham Zohirov va Oksford universiteti ilmiy darajasiga ega bo‘lgan sun’iy intellekt sohasi olimi Iqboljon Sobirov bor.
Raqamli texnologiyalar vazirligining talqiniga ko‘ra, Mohirdev 2024-yildan buyon O‘zbekistondagi AyTi ta’lim muassasalari reytingida birinchi o‘rinni egallab keladi. Reyting mavjud kurslar soni va bitiruvchilarning ishga joylashuvi, jumladan, ularning AyTi eksport bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarda ishlashi ko‘rsatkichlari asosida shakllantirilgan.
Mohirdev kompaniyasi haqida
Mohirdev – 2021-yilda Oʻzbekistonda tashkil etilgan onlayn taʼlim platformasi. O‘tgan davr mobaynida platforma dasturlash, ma’lumotlar tahlili, sun’iy intellekt va boshqa raqamli mutaxassislik yo‘nalishlari bo‘yicha 50 000 dan ziyod o‘quvchilarga ta’lim berdi. Mohirdev asosan amaliy ko‘nikmalarga va AyTi sohasidagi ekspertlarga, xususan, xalqaro kompaniyalarda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar bilan ishlashga eʼtibor qaratadi.
Telefon: +998 (77) 132-73-10
Pochta: press@mohirdev.uz
Sayt: mohirdev.uz
Instagram: @mohirdev
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ