O‘zbekistonda oltin narxi yangi rekord darajaga yetdi: 1 gramm uchun 1,42 mln so‘m
Jahon bozorida uning narxi 1 troya unsiyasi uchun $3116,1 ni tashkil qilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2-aprel kuni bergan ma’lumotlariga ko‘ra, 5 grammli oltin quyma narxi ilk bor 6,7 mln so‘mdan oshdi va rekord darajani qayd etdi.
Bunda 1 gramm oltin 1,42 mln so‘mga baholanmoqda. Bu mamlakat tarixida rekord natija bo‘lib, so‘nggi bir yil ichida oltinning keskin qimmatlashganini ko‘rish mumkin. Bundan roppa-rosa bir yil oldin – 2024-yilning aprel oyida 5 grammli oltin quyma narxi 4,7 mln so‘m atrofida edi. Bir yil ichida bu qiymat 1,98 mln so‘mdan ortiq ko‘tarilib, taxminan 41 % o‘sishni ko‘rsatdi.
Ayni paytda oltinning global narxi 1 troya unsiyasi uchun $3116,1 ni tashkil qilmoqda. Bu ko‘rsatkich ham butun jahon tarixida rekord darajada turibdi.
Global miqiyosda oltin narxining o‘sishiga ta’sir qiluvchi omillar:
- Geosiyosiy beqarorlik: Global inqiroz va mojarolar (Rossiya–Ukraina urushi, Yaqin Sharqdagi keskinlik) sababli investorlar xavfsiz aktiv sifatida oltinni tanlamoqda.
- AQSH Federal zaxira tizimi (FED) siyosati: AQSH foiz stavkalarining o‘zgarishi oltin narxiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Foiz stavkalari yuqori bo‘lsa, investorlar obligatsiyalarga qiziqish bildiradi, past bo‘lsa oltinga talab oshadi. Shuningdek, oltin AQSH prezidenti Donald Trampning savdo siyosati va jahon savdosidagi keskinlikning kuchayishi fonida eng daromadli aktivga aylandi.
- Markaziy banklarning zaxiralarni oshirishi: So‘nggi yillarda Rossiya, Xitoy va boshqa davlatlar o‘z oltin zaxiralarini kengaytirishga harakat qilmoqda. Bu esa narxlarni yanada oshirishga turtki bo‘ladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ