OKMK $200 mlnlik tenderlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi
Ma'lum qilinishicha, xaridlar ochiq tenderlar orqali amalga oshirilgan va davlat xaridlari jarayonida qonunbuzilish holatlari aniqlanmagan
Фото: АГМК
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) ayrim elektron OAVlarda e’lon qilingan $200 mlnlik tenderlar haqidagi xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Kombinat ma’lumotiga ko‘ra, mazkur davlat xaridlari bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan.
Qayd etilishicha, OKMK 2021-yildan buyon barcha davlat xaridlarini belgilangan tartibda maxsus elektron platformalar orqali amalga oshirib kelmoqda. Xususan, import kontraktlari O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasining etender.uzex.uz portali orqali ochiq va shaffof tarzda e’lon qilingan hamda raqobat asosida o‘tkazilgan. Kombinatga ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzilmagan, har bir lot bo‘yicha eng past narx taklifi avtomatik ravishda g‘olib sifatida aniqlangan.
Shuningdek, tender ishtirokchilari o‘rtasida affillanganlik holatlari elektron tizim orqali tekshirilgani va bunday aloqalar tasdiqlanmagani aytilmoqda. G‘olib kompaniyalar tomonidan yetkazib berilgan mahsulotlar to‘liq hajmda, shartnomada belgilangan sifat talablariga muvofiq hamda belgilangan muddatlarda kombinat omborlariga topshirilgan. Tovarlar maxsus komissiya ishtirokida qabul qilingani ta’kidlangan.
OKMK rasmiylariga ko‘ra, ushbu shartnomalar kombinat manfaatlariga zarar yetkazmagan va davlat xaridlari jarayonida qonunbuzilish holatlari aniqlanmagan.
Kontekst
Eslatib o’tamiz, OCCRP va Finance Uncovered tomonidan 2022-yildan buyon OKMK tenderlarida $200 mlnni yutgan xorijiy kompaniyalar bo‘yicha surishtiruv e’lon qilingan edi.
Qayd etilishicha, ayrim kompaniyalar rasmiy hujjatlarda faol emas deb ko‘rsatilgan, tog‘-kon sohasida tajribaga ega bo‘lmagan yoki OAV so‘rovlaridan keyin nazorat qiluvchi shaxslar haqidagi ma’lumotlarni o‘zgartirgan.
Masalan, Buyuk Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan Lemixton Solutions va Golders Business kompaniyalari 2021-yildan “dormant” (faol emas) maqomida hisobot topshirgan bo‘lsa-da, OKMKdan o‘nlab million dollarlik tenderlarni yutib, mahsulot yetkazib bergan.
2025-yilda jurnalistlar so‘rovlaridan so‘ng britan reyestrida nazorat qiluvchi shaxslar haqidagi ma’lumotlar orqaga sana qo‘yilgan holda o‘zgartirilgan. Dastlab, muhim nazoratga ega shaxs sifatida O‘zbekiston Stol tennisi federatsiyasi vitse-prezidenti bo‘lib ishlagan Grigoriy Xvan ko‘rsatilgan, keyinchalik uning o‘rniga Kolumbiya fuqarosi Felipe Gerrero kiritilgan.
$7 mlndan ortiq shartnomalarda imzosi bor ayrim shaxslar hujjatlarni o‘zlari imzolamaganini bildirgan. Ulardan biri bu haqda Britaniya rasmiylariga ham murojaat qilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ