Toshkent viloyatida $15 mlnlik yuqori texnologiyali chip ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi

Vades Group yiliga $6 mlnlik eksport qilinishi rejalashtirilmoqda

Toshkent viloyatida $15 mlnlik yuqori texnologiyali chip ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi

13-fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Ohangaron tumaniga tashrifi chog‘ida tumanda Vades Group tomonidan amalga oshirilayotgan yuqori texnologiyali loyiha bilan tanishdi. Loyiha doirasida yiliga $6 mlnlik SIM karta chiplari va bank kartalari eksportini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, korxona raqamli davlat xizmatlarini joriy etish, fuqarolarning kundalik ehtiyojlari uchun qulay va xavfsiz to‘lov tizimlarini shakllantirishda zarur bo‘lgan vositalarni ishlab chiqaradi. Korxonada, jumladan, identifikatsiya uchun mo‘ljallangan mikroprotsessor modullari, sim-kartalar, shuningdek, transport, ijtimoiy va xalqaro to‘lov kartalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Loyihaning umumiy qiymati $15 mln, hududi 4 gektar maydonni egallaydi. Loyiha Germaniyaning Infineon technologies kompaniyasi bilan hamkorlikda Eltech Industrial texnoparki hududida qad ko‘taradi. Hozirda qurilish ishlarining ikkinchi bosqichi o‘n besh foizga bajarilib, $7 mln investitsiya o‘zlashtirilgan.

Loyiha 100 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratish, yiliga $6 mlnlik eksportni amalga oshirish imkonini beradi. Ishlab chiqariladigan mahsulotlar Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Mozambik, Kambodja kabi qator davlatlarga eksport qilinishi rejalashtirilgan. Korxona ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha MDHda yetakchi uchlikdan joy olishi aytilmoqda.

Xabarda qayd etilishicha, 2025-yilda respublikaga $35 mlnlik mikroprotsessor modullari, sim-kartalar va turli to‘lov kartalari import qilingan. Mazkur korxona to‘liq ishga tushishi hisobiga $5 mlnlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilib, bozordagi tannarx uch-besh foizga pasayishiga erishiladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Toshkentda noqonuniy buzilgan reklama konstruksiyalari uchun kompensatsiya beriladi
/
Toshkentda noqonuniy buzilgan reklama konstruksiyalari uchun kompensatsiya beriladi
Mobiuzni xususiylashtirish bo‘yicha takliflar qabul qilish muddati uzaytirildi
/
Mobiuzni xususiylashtirish bo‘yicha takliflar qabul qilish muddati uzaytirildi
O‘zbekiston va Xitoy agrar sohada $130 mlnlik loyihalarni ishga tushiradi
/
O‘zbekiston va Xitoy agrar sohada $130 mlnlik loyihalarni ishga tushiradi