Oʻzbekistonda oʻrtacha oylik ish haqi 6,17 mln soʻmga yetdi
Eng yuqori daromadlar Toshkentda va bank sohasida, eng pastlari esa Qashqadaryo hamda sogʻliqni saqlash tizimida qayd etildi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2025-yil yanvar–sentyabr oylarida mamlakat boʻyicha oʻrtacha nominal hisoblangan ish haqi 6,17 mln soʻmni tashkil etdi. Bu haqda Statistika agentligi maʼlumotlarida keltirilgan.
Oʻtgan yilning shu davriga nisbatan ushbu koʻrsatkich 19,2%ga oshgan. OʻzStat soʻnggi besh yildagi oʻrtacha ish haqi oʻsish dinamikasini ham eʼlon qildi:
2021-yilda — 2,98 mln soʻm, 2022-yilda — 3,73 mln soʻm, 2023-yilda — 4,42 mln soʻm, 2024-yilda esa — 5,17 mln soʻm boʻlgan.
Hududlar kesimida daromadlar tafovuti saqlanib qolmoqda. Eng yuqori koʻrsatkich Toshkent shahrida qayd etilgan — bu yerda oʻrtacha oylik ish haqi 10,38 mln soʻmga teng. Poytaxtdan keyingi oʻrinda Navoiy viloyati turibdi — 7,61 mln soʻm. Eng past koʻrsatkichlar Qashqadaryo (4,27 mln soʻm) va Surxondaryo (4,35 mln soʻm) viloyatlarida qayd etilgan.
Iqtisodiy faoliyat turlari boʻyicha tahlil ham katta tafovutni koʻrsatdi. Eng yuqori ish haqi bank, sugʻurta va lizing sohalarida kuzatilgan — oʻrtacha 16,83 mln soʻm. Ikkinchi oʻrinda axborot va aloqa sohasi — 14,99 mln soʻm.

Eng past oʻrtacha ish haqi sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida (3,77 mln soʻm), shuningdek taʼlim sohasida (4,19 mln soʻm) qayd etilgan. Shu bilan birga, taʼlim sohasida ichki tafovut ancha katta: oliy taʼlimda oʻrtacha ish haqi 9,51 mln soʻmni tashkil etsa, maktabgacha taʼlimda bu koʻrsatkich atigi 2,77 mln soʻmni tashkil etgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ