Soxta xayriya tashkiloti orqali $663 mingdan ortiq mablag‘ yig’ildi
Koreyadagi o'zbekistonlik fuqaro pulning bir qismini terrorchilikni moliyalashtirishga sarflagan
So‘nggi yillarda internet orqali “xayriya” niqobi ostida mablag‘ yig‘ish va ularni noqonuniy maqsadlarga yo‘naltirish holatlari qayd etilmoqda.
OAVda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil kuzida Janubiy Koreyada soxta xayriya tashkiloti orqali mablag‘ yig‘ib, terrorchilik faoliyatini moliyalashtirishda ayblangan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingan. U 952 mln von ($663 mingdan ortiq) mablag‘ yig‘gani va uning bir qismini xalqaro miqyosda terrorchi deb tan olingan tashkilotlarga o‘tkazgani aniqlangan.
Shuningdek, Buxoro viloyatida ham internet orqali mablag‘ yig‘ib, terrorchilik faoliyatini moliyalashtirishga aloqador shaxslar fosh etilgani haqida xabarlar tarqaldi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim fuqarolar kriptovalyuta orqali mablag‘ yuborgan. Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 155-3-moddasi (terrorizmni moliyalashtirish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Mutasaddi idoralar ta’kidlashicha, ayrim terrorchi guruhlar internet tarmoqlari orqali gumanitar yordam yoki diniy ehsonlarni niqob qilib mablag‘ yig‘ishga urinmoqda. Bunday mablag‘lar esa aslida noqonuniy faoliyatni moliyalashtirishga sarflanishi mumkin.
2025-yil 2-avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunda homiylik va xayriya mablag‘larini yig‘ish tartibini aniq belgilash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining shaffofligini ta’minlash vazifalari ko‘zda tutilgan.
Fuqarolarga internet orqali e’lon qilinayotgan norasmiy xayriya aksiyalariga mablag‘ o‘tkazishdan avval manbani sinchiklab tekshirish, mablag‘larning haqiqiy ehtiyojmandlarga yetib borishiga ishonch hosil qilish tavsiya etiladi. Ehson va zakot mablag‘larini rasmiy fondlar, jumladan “Vaqf” jamg‘armasi yoki boshqa qonuniy tashkilotlar orqali yo‘naltirish maqsadga muvofiq ekani qayd etilmoqda.
Mutaxassislar fuqarolarni hushyorlikka, shaxsiy ma’lumotlar va moliyaviy operatsiyalar xavfsizligiga e’tibor qaratishga chaqirmoqda. Bu kabi ehtiyot choralar ehson mablag‘larining asl manziliga yetib borishini ta’minlash hamda noqonuniy faoliyatning oldini olishga xizmat qiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ