Nyu York haydovchilari markaziy yo‘llardan harakatlanish uchun pul to‘lamoqda
Pulli yo‘llarning narxi $2,25–$21,60 oralig’ida belgilangan

AQSHning Nyu York shahrida haydovchilar tig‘iz soatlarda markaziy yo‘llardan harakatlanish uchun pul to‘laydi. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, dastur 5-yanvar kuni ishga tushirilgan. “Tirbandlik uchun to‘lov” aholi zich yashaydigan shaharda transport tirbandliklarini kamaytirishga qaratilgan. Ish kunlari Manhettenning eng gavjum hududlariga kirish narxi $9 gacha baholanishi mumkin. Ish vaqtidan tashqari ko‘pchilik transport vositalari uchun yo‘llardan foydalanish narxi $2,25 ni tashkil etadi.
Kichik yuk mashinalari haydovchilari tig‘iz vaqtda $14,40, kattaroq yuk mashinalar esa $21,60 to‘laydi. Ushbu tizim shahar markaziga kiradigan avtomobillar sonini taxminan 10% ga kamaytirishi, Nyu Yorkda jamoat transportini rivojlantirish uchun $15 mlrd yig‘ishga yordam berishi kutilmoqda.
Shahar transport boshqarmasi raisi va bosh direktori Yanno Liberning aytishicha, reja besh yil davomida ishlab chiqilgan. Nyu Jersi shtati advokatlari yo‘l haqi tarifini joriy etilishining oldini olish maqsadida sudga taqiq uchun ariza topshirgan, biroq muhokamadan so‘ng sudya uni rad etgan.
Joriy etilgan yo‘l haqi to‘lovi tizimining istiqboli noaniq bo‘lib qolmoqda. Respublikachilar saylangan prezident Donald Trampni dasturga berilgan federal ruxsatnomani bekor qilishga da’vat etmoqda.
2024-yili Nyu York Inrix yo‘l harakati kuzatuvi platformasi tomonidan dunyodagi eng tirband shahar deb e’tirof etilgandi. Platforma ma’lumotlariga ko‘ra, haydovchilar yiliga o‘rtacha 101 soat tirbandlikda qolib ketmoqda va mahalliy iqtisodiyotga $9,1 mlrd miqdorida zarar yetkazmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ