Markaziy bank nasiya savdo bozori bo‘yicha yangi loyihani e’lon qildi
Unga ko‘ra, bozor ishtirokchilari uchun “Ishonch belgisi” tizimi joriy etiladi
O‘zbekiston Markaziy banki nasiya savdo bozori ishtirokchilarining axloq qoidalari loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi. Hujjat loyihasida O‘zbekistonda nasiya savdo bozorida yangi talablar joriy etish ko‘zda tutilgan.
Loyihaga ko‘ra, FinTex Assotsiatsiyasi orqali bozor ishtirokchilari uchun “Ishonch belgisi” tizimi joriy etiladi. Ushbu belgi nasiya xizmatlari shaffof va qonunga muvofiq yo‘lga qo‘yilganini anglatadi. Belgini oluvchi FinTex Assotsiatsiyasi a’zosi bo‘lishi kerak.
Shartnomalar va ma’lumot oshkoraligiga oid qoidalarga ko‘ra, har bir nasiya tashkiloti o‘z rasmiy veb-saytida barcha mahsulotlar, to‘lov tartibi, komissiya va jarimalar haqida ochiq ma’lumot berishi lozimligi belgilanmoqda.
Mijozlarga shartnoma tuzishdan oldin quyidagilar taqdim etilishi kerak:
- tovar yoki xizmatning biryo‘la to‘lash uchun belgilangan to‘liq narxi;
- barcha ustama va komissiyalarni hisobga olgan holda to‘lanadigan umumiy summa;
- to‘lov jadvali;
- barcha turdagi yig‘imlar, jarimalar;
- nasiya savdo xizmatining to‘liq qiymatini yillik foizlardagi ekvivalenti (ARP);
- shartnomani muddatidan oldin bekor qilish shartlari;
- to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmaslikning oqibatlari haqida ma’lumot;
- nasiya savdo tashkilotining “Ishonch belgisi” raqami;
- murojaat uchun kontakt ma’lumotlari.
Yangi talablarga ko‘ra, nasiya xizmatlari faqat 18 yoshdan katta fuqarolarga ko‘rsatiladi, ilk limit 2 mln so‘m etib belgilangan. Agar mijoz limitni oshirishni xohlasa, uning qarz yuki 50% dan oshmasligi kerak. Qarzdorlikni undirish jarayonida tahdid yoki bosim o‘tkazish kabi noqonuniy usullardan foydalanish qat’iyan man etiladi. Barcha foiz va yig‘imlar yiliga asosiy qarzning yarmidan ko‘p bo‘lmasligi lozim.
Mijozning ilgari olgan qarzlari bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi mavjud bo‘lgan taqdirda unga yangi nasiya savdo xizmati ko‘rsatilmaydi. Nasiya savdo tashkilotlari tomonidan muddati o‘tgan qarzdorliklar bilan ishlash mexanizmlari (Soft-Collection, Hard-Collection, Legal-Collection) ishlab chiqiladi.
Shu bilan birga, firibgarlikning oldini olish maqsadida yangi mijozlar biometrik usulda ro‘yxatdan o‘tkaziladi, tashkilotlarda axborot va kiberxavfsizlik bo‘limlari faoliyat yuritadi. Kredit byurolari bilan axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.
Reklama va targ‘ibot ma’lumotlari noaniq, noto‘g‘ri yo‘naltiruvchi yoki chalg‘ituvchi bo‘lmasligi talab etiladi. Masalan, “0%” va “bepul” iboralaridan (agar haqiqatga mos kelmasa) foydalanmaslik, shuningdek, “barcha mijozlar uchun mos” yoki “xavfsiz” ekanligi kabi xabarlar tarqatmaslik lozim.
Reklama ma’lumotlarida kechiktirilgan to‘lovlar yoki boshqa yig‘imlar qo‘llanilishi mumkinligi aniq ko‘rsatilishi kerak. Islomiy moliya tamoyillariga muvofiq deb taqdim etiladigan reklamalarda muvofiqlik haqida qisqacha izoh va Maxsus kengash xulosasi joylashgan manbaga havola taqdim etilishi lozim.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ