Nasiyaga sotib olingan mahsulot qiymatiga 44,3% gacha ustama qo‘shiladi

Shuningdek, ortiqcha to‘lov summasi 14–23% ni tashkil qilmoqda

Nasiyaga sotib olingan mahsulot qiymatiga 44,3% gacha ustama qo‘shiladi

Markaziy bankning Statistika va tadqiqotlar departamenti tahlilini eʼlon qildi.

Unga ko‘ra, 2019–2023-yillarda dunyo bo‘ylab nasiya platformalari orqali sotuvlar hajmi taxminan $50 mlrddan $370 mlrdgacha yoki qariyb 7,5 barobarga ortdi.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda Kredit-axborot tahliliy markazi kredit byurosi bilan shartnoma tuzgan chakana savdo korxonalari soni 307 tani tashkil etmoqda. Hududlar kesimida mazkur korxonalarning 36,2%i Farg‘ona viloyatida, 23,2%i Toshkent shahrida, 12,6%i Namangan viloyatida, 7,5%i Andijon viloyatida hamda 5,5%i Toshkent viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan.

Iqtisodiy faoliyat turlari kesimida KATM tizimiga ulangan korxonalarning 37%i maishiy texnika tovarlari chakana savdosi, 25%i – ixtisoslashmagan do‘konlarda boshqa tovarlar chakana savdosi (bir nechta turdagi tovarlar savdosi), 11%i – axborot va kommunikatsiya uskunalari savdosi hamda 8%i mebel va maishiy jihozlar savdosi faoliyati bilan shug‘ullanmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, nasiya xizmatlari isteʼmolchilarining aksar qismi 35 yoshgacha bo‘lgan aholi (63%) – erkaklar 72% va ayollar 53% ni tashkil etadi.

O‘zbekistondagi nasiya bozoridagi holatni o‘rganish maqsadida eng ommabop elektronik tovarlardan biri sifatida iPhone 16 Pro Max (256 GB) mobil telefoni tanlab olinib, mazkur tovarning maishiy texnika do‘konlaridagi narxlari, bo‘lib to‘lash shartlari bo‘yicha narx shakllanishi va ularga qo‘shimcha ustamalarning qanday qo‘shilishi, shuningdek, ushbu tovarning bank kreditiga to‘g‘ri keladigan foiz stavkalari o‘rganildi.

Tahlillarga ko‘ra, agar tovar 12 oylik to‘lov rejasi bilan nasiyaga sotib olinsa, do‘kon va nasiya taʼminotchilariga qarab, tovarning umumiy qiymatiga 27,3%dan 44,3%gacha (o‘rtacha 39,6%) ustama qo‘shiladi. Bundan tashqari, tovar uchun ortiqcha to‘lov bank foiz stavkasi ekvivalentida hisoblanganda, ushbu stavkalar 47,1%dan 73,8%gacha (o‘rtacha 66,5%) bo‘lgan oraliqni tashkil qiladi.

Umuman olganda, tanlangan tovar bank krediti (mikrokredit – 24,7%, mikroqarz – 40,3% va overdraft – 24,8%) orqali sotib olinganda, ortiqcha to‘lov summasi 14–23% atrofida yoki o‘rtacha 17%ni tashkil etgan bo‘lardi.

Jadvaldagi tanlanma tovarni taklif etayotgan do‘konlarda tovarning dastlabki narxi ham bozordagi o‘rtacha narxga nisbatan yuqoriroq belgilangan. Masalan, iPhone 16 Pro Max mobil telefoni bozordagi narxi o‘rtacha 17 mln atrofida sotilsa ($1,310), yuqoridagi do‘konlarda uning narxi 18–23 mln so‘m oralig‘ida shakllangan.

Mamlakatda nasiya xizmatlari bilan bog‘liq xatarlarni kamaytirish hamda mazkur segmentning barqaror rivojlanishini taʼminlash maqsadida nasiya bozori faoliyatini huquqiy va moliyaviy tartibga solishning aniq mexanizmlarini joriy etish dolzarb vazifa sifatida qaralishi lozim, — deya qo‘shimcha qilingan Markaziy bank tahlilida.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda dollar kursi yana tusha boshladi
/
O‘zbekistonda dollar kursi yana tusha boshladi
Prezident yo‘l infratuzilmasi va transport boshqaruvi sohasidagi vaziyatni tanqid qildi
/
Prezident yo‘l infratuzilmasi va transport boshqaruvi sohasidagi vaziyatni tanqid qildi
Yil boshidan hududlarda budjetga tushum 26% ga o‘sgan
/
Yil boshidan hududlarda budjetga tushum 26% ga o‘sgan