Ko‘chmas mulk yoki transport vositalarini naqd pulsiz sotish tartibi tasdiqlandi

Endilikda notariuslar shartnomalarni bankdan olingan elektron ma’lumotlar asosida tasdiqlaydi

Ko‘chmas mulk yoki transport vositalarini naqd pulsiz sotish tartibi tasdiqlandi

O‘zbekistonda ko‘chmas mulk hamda ayrim transport vositalari oldi-sotdisida tomonlar o‘rtasidagi hisob-kitoblar endilikda bank va notariuslar o‘rtasidagi elektron ma’lumot almashinuvi orqali tasdiqlanadi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Prezidentning 2025-yil 10-dekabrdagi “Naqd pulsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq yangi tartib joriy etildi. Unga ko‘ra, Adliya vazirligi notariuslar va banklar o‘rtasida elektron ma’lumot almashish tartibini belgilovchi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan.

Yangi tartib 2026-yil 1-apreldan kuchga kiradi. Shundan boshlab ko‘chmas mulk obyektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifasidagi transport vositalari hamda maxsus avtotransportlar oldi-sotdi shartnomalarini tasdiqlashda tomonlar o‘rtasidagi hisob-kitoblar bank va notariuslar o‘rtasidagi elektron axborot almashinuvi orqali aniqlanadi.

Shuningdek, notariuslar endilikda oldi-sotdi shartnomalarini taraflar o‘rtasidagi hisob-kitoblar bank tomonidan taqdim etilgan elektron ma’lumotlar asosida tasdiqlaydi. Bu jarayon bitimlarni rasmiylashtirishda axborot xavfsizligi va ma’lumotlarning ishonchliligini ta’minlashga qaratilgan.

Yangi tizimga ko‘ra, xaridor yoki uning vakili bankka yozma yoki elektron ariza bilan murojaat qiladi. Bank shartnoma bo‘yicha kelishilgan mablag‘ni naqd yoki naqd pulsiz shaklda eskrou hisobvarag‘iga qabul qiladi. Agar shartnoma kredit mablag‘lari hisobidan amalga oshirilsa, kredit ajratgan bank bu haqda notariusga elektron tarzda xabar beradi.

Shundan so‘ng tomonlar oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirish uchun notariusga murojaat qiladi. Notarius eskrou hisobvarag‘ida mablag‘ mavjudligini elektron tizim orqali tekshiradi va shartnomani tasdiqlaydi.

Shartnoma tasdiqlangach, mablag‘lar sotuvchining hisobvarag‘iga o‘tkaziladi yoki uning so‘roviga ko‘ra naqd shaklda beriladi. Mazkur tartib naqd pulsiz hisob-kitoblarni kengaytirish hamda bitimlarning shaffofligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekiston tog‘-kon sanoatiga $2,2 mlrd investitsiya yo‘naltiriladi
/
O‘zbekiston tog‘-kon sanoatiga $2,2 mlrd investitsiya yo‘naltiriladi
O‘zbekistonda oltin qazib olish hajmi 9 yilda 31 tonnaga oshdi — Prezident
/
O‘zbekistonda oltin qazib olish hajmi 9 yilda 31 tonnaga oshdi — Prezident
Fevral oyida ko‘chmas mulk bitimlar soni 4% ga oshdi — ITIM
/
Fevral oyida ko‘chmas mulk bitimlar soni 4% ga oshdi — ITIM