Moliya vazirligi O‘zbekiston iqtisodiyoti bo‘yicha o‘sish prognozini 8,1% ga oshirdi

Yangilangan Fiskal strategiyaga ko‘ra, 2029-yilda aholi jon boshiga YIM $6,2 mingdan oshishi kutilmoqda

Moliya vazirligi O‘zbekiston iqtisodiyoti bo‘yicha o‘sish prognozini 8,1% ga oshirdi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi yangilangan Fiskal strategiyada O‘zbekiston iqtisodiyoti bo‘yicha 2026-yilgi o‘sish prognozini qayta ko‘rib chiqdi. Hujjatga ko‘ra, joriy yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YIM) 2025-yilga nisbatan 8,1% ga o‘sishi kutilmoqda.

Strategiya 2029-yilgacha bo‘lgan davr uchun iqtisodiy siyosatning asosiy yo‘nalishlari va makroiqtisodiy prognozlarni o‘z ichiga oladi. Avvalroq Byudjet to‘g‘risidagi qonunda 2026-yilda iqtisodiy o‘sish 6,6% darajasida bo‘lishi prognoz qilingandi.

Yangilangan hisob-kitoblarga ko‘ra, yil yakunida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmi qariyb 2,2 kvadrillion so‘mga yetadi. Ilgari bu ko‘rsatkich 1,97 kvadrillion so‘m etib baholangan edi. Vazirlik sanoat va xizmatlar sohasini iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlari sifatida ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, Fiskal strategiyada O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari iqtisodiyotida o‘sish sur’atlari nisbatan past bo‘lishi prognoz qilingan. Xususan:

  • Rossiya iqtisodiyoti — 1%;
  • Xitoy — 4,4%;
  • Turkiya — 3,4%;
  • Qozog‘iston — 4,6%;
  • Qirg‘iziston — 6,1%.

Hujjatda qayd etilishicha, O‘zbekistonda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot hajmi 2027-yilda $5 106 ga yetib, ilk bor $5 minglik marradan oshadi. Ushbu ko‘rsatkich 2029-yilga borib $6 203 ga yetishi prognoz qilinmoqda.

Vazirlik prognoziga ko‘ra, iqtisodiy o‘sish sur’atlari keyingi yillarda ham yuqori darajada saqlanib, 2027-yilda 6,9%, 2028-yilda 7,1%, 2029-yilda esa 7,4% ni tashkil etadi.

Kapital.uz avvalroq O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 2025-yilda 7,7% ga o‘sib, tarixda ilk bor $147 mlrd ga yetgani haqida yozgandi. Xususan, hukumat tomonidan 2026-yil yakuniga qadar mamlakat yalpi ichki mahsulotini $100 mlrdga yetkazish reja qilinganiga qaramay, qiymat $180 mlrddan oshishi kutilmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda turpaket sotish uchun $50 ming miqdorida badal joriy etilishi rejalashtirilmoqda
/
O‘zbekistonda turpaket sotish uchun $50 ming miqdorida badal joriy etilishi rejalashtirilmoqda
Saudiya Arabistoni bir yil amal qiladigan ko‘p martalik Umra vizasini joriy etdi
/
Saudiya Arabistoni bir yil amal qiladigan ko‘p martalik Umra vizasini joriy etdi
“Rayhon” restoranlar tarmog‘i asoschisi sakkiz yilga qamaldi
/
“Rayhon” restoranlar tarmog‘i asoschisi sakkiz yilga qamaldi