O‘zbekistonda 2026-yilda misni qayta ishlash quvvati 240 ming tonnaga yetkaziladi
Bundan tashqari, “Yoshlik-1” va “Qalmoqqir” konlaridagi qimmatbaho metall zaxiralari 100 yilga yetishi aytilmoqda
Shavkat Mirziyoyev 16-mart kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif buyurib, 3-mis boyitish fabrikasini ishga tushirish marosimida ishtirok etdi. Davlat rahbari mis konsentratini ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi hamda tog‘-kon sanoatidagi yirik investitsiya loyihalarini jadallashtirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning o‘zida ishga tushiriladigan loyihalar hisobiga misni chuqur qayta ishlash quvvatlari 240 ming tonnaga yetadi. Yaqin ikki-uch yil ichida amalga oshiriladigan yangi loyihalar hisobiga bu ko‘rsatkich yana oshadi.
Yig‘ilishda dunyoda misga bo‘lgan talab ortib borayotgani ta’kidlandi. Bugungi kunda ushbu metall sanoat, energetika, elektrotexnika, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt va “yashil” taraqqiyot uchun strategik xomashyoga aylanib borayotgani qayd etildi.
Kimki mis sanoatida yuqori qiymat zanjirini yaratsa, kelajak sanoatini barpo etgan bo‘ladi. Qaysi davlat bu xomashyoni chuqur qayta ishlash uchun kuchli infratuzilma yaratsa, u minglab oilalarga daromad, hududlarga taraqqiyot, mamlakatga qudrat olib keladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentga ko‘ra, shu sababli islohotlarning ilk kunlaridan geologiya-qidiruv ishlariga alohida e’tibor qaratilib, mavjud zaxiralar va ularni ishga solish imkoniyatlari aniqlab olingan. Misol sifatida “Yoshlik-1” koni keltirildi.
Yaqin-yaqingacha ko‘pchilik bu konni o‘zlashtirish qiyin, imkoniyatimiz yetmaydi, deb o‘ylardi. Vaholanki, joriy yilning o‘zida ushbu kondan 20 mln tonna ruda qazib olinadi. Bu raqam kelgusi ikki yilda 60 mln tonnaga yetadi, dedi davlat rahbari.
Umuman, “Yoshlik-1” va “Qalmoqqir” konlarida 45 mln tonna mis hamda 5 ming tonnadan ortiq oltin zaxirasi borligi qayd etildi. Ta’kidlanishicha, bu zaxiralar sanoat uchun kamida 100 yilga yetadigan barqaror xomashyo bazasini ta’minlaydi.
Konlardagi molibden, selen, tellur va reniy kabi noyob metallar esa yangi innovatsion yo‘nalishlardagi loyihalar uchun mustahkam zamin yaratadi. 3-mis boyitish fabrikasi to‘liq ishga tushgach, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida mis konsentratining kunlik ishlab chiqarish hajmi hozirgi 2,4 ming tonnadan 5 ming tonnagacha oshadi.
Loyiha doirasida 6 mingdan ortiq yoshlar yuqori daromadli ish o‘rinlariga ega bo‘ladi. Fabrikada AQSh, Germaniya, Rossiya, Xitoy va Finlyandiyaning tog‘-kon sanoatidagi eng ilg‘or texnologiyalari joriy etilmoqda.
Barcha texnologik jarayonlar raqamlashtirilib, sun’iy intellekt asosida yagona boshqaruv tizimiga ulanadi. Bu esa energiya sarfini 10% ga, mahsulot tannarxini 15% ga kamaytirib, mehnat unumdorligini 10% ga oshirish imkonini beradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ