Mehmonxona qurish va jihozlash uchun subsidiyalar berish muddati uzaytirildi
Investorlar joriy yil oxirigacha mehmonxona uchun kamida 50 ta xona uchun to‘lov olish uchun ariza topshirishlari mumkin

Vazirlar Mahkamasi investorlarga mehmonxona qurish va jihozlash uchun subsidiyalar to‘lashni uzaytirdi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi xabar berdi.
Hukumat qarori o‘tgan yilning sentyabr oyida kiritilgan vaqtinchalik nizomga tuzatishlarni o‘z ichiga oladi. U 2024-yil 31-martgacha qurilgan yoki foydalanishga topshirilgan kamida 50 xonali joylashtirish vositalariga taalluqli hisoblanadi.
Investor 2025-yil 31-dekabrdan kechiktirmay zarur hujjatlarni ilova qilgan holda subsidiyalarni to‘lash to‘g‘risida ariza berishi mumkin. Bungacha oxirgi muddat 1-mart etib belgilangan edi.
Subsidiyalar miqdori xonalar soni va mehmonxonaning yulduz toifasiga bog‘liq:
- 3-toifali mehmonxonalarda 50 va undan ortiq xona uchun 40 mln so‘m;
- 4- yoki 5-toifali mehmonxonalarda 100 va undan ortiq xona uchun 65 mln so‘m.
Arizalar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi. Turizm qo‘mitasi ularni 10 ish kunidan 20 ish kunigacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqib, subsidiya ajratish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, idora Iqtisodiyot va moliya vazirligiga to‘lov topshiriqnomasini yuboradi. Mablag‘lar 3 ish kuni ichida Turizm qo‘mitasining g‘azna hisob raqamiga o‘tkaziladi, so‘ngra yana 5 ish kuni ichida investorning bank hisob raqamiga kelib tushadi.
Kapital.uz avvalroq modulli mehmonxonalar qurish uchun subsidiya miqdori oshirilgani haqida xabar bergandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ