Toshkent shahrini yirik megopolisga aylantirish rejalashtirilmoqda
Shaharni 2045-yilgacha bo’lgan bosh rejasi ishlab chiqildi
Фото: пресс-служба президента
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bugungi kunda shahar hududi 43 ming 822 gektar bo’lib, aholi soni 3 mlndan ziyod. Bu ko’rsatkich kelgusida yanada ortib borishi kutilmoqda. Shu sababdan, Toshkent shahrining 2045-yilgacha mo’ljallangan bosh rejasi loyihalashtirildi.
Davlat rahbari bu boradagi ilk ishlanmalar bilan 2022-yilda tanishgandi. Ushbu loyiha “ToshkentboshplanLITI” korxonasi tomonidan Singapur, Buyuk Britaniya, Turkiya, Germaniya, Xitoy va Niderlandiya davlatlari kompaniyalari bilan birgalikda ishlangan.
Loyihada Toshkent shahri quyidagi 3ta zonaga ajratilishi keltirilgan:
- Konservatsiya zonasida madaniy meros binolari, tarixiy joylar, uylar va yashil hududlar o’zgarishsiz qoladi.
- Rekonstruksiya zonasida master-rejalar asosida qo’shimcha qurilishlar amalga oshirilishi mumkin bo’ladi.
- Renovatsiya zonasida eskirgan uy-joy, binolar o’rnida yangi qurilishlar va ta’mirlash ishlari olib boriladi.
Shuningdek, loyihada bugungi kundagi ekologiya va transport muammolari ham e’tiborga olingan. Jumaladan, Toshkent shahri va uning atrofidagi yashil hududlar 3 karra ko’paytirilib, 25ming gektarga yetkazilishi belgilanmoqda. Bu orqali aholi jon boshiga to’g’ri keladigan yashil maydon 3 kvadrat metrdan 6 kvadrat metrga oshadi.
Aholi yashash joyidan eng yaqin bog’cha, maktab, shifoxona, savdo va xizmat ko’rsatish joylariga ko’pi bilan 15 daqiqada yetib bora olishi uchun jamoat transportlari tarmog’i kengaytiriladi.
Loyihada elektr energiyasi, suv va oqova infratuzilmasi quvvatlarini oshirish manbalari ham hisob-kitob qilingan. Bosh reja tasdiqlangach, uning xaritalari Shaharsozlik kadastri geoaxborot tizimida va Toshkent shahar hokimligi veb-saytida ochiq ma’lumot shaklida joylanadi.
Prezident Toshkent shahrini kamida 7,5 mln odam yashashi va ishlashi uchun qulay sharoitga ega yirik megapolisga aylantirish zarurligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, Qibray, Zangiota, Yuqorichirchiq, O’rtachirchiq va Toshkent tumanlarini poytaxt bilan yaxlit aglomeratsiya asosida rivojlantirish topshirildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ