Markaziy bank avgust oyida 9 ta bankka nisbatan jarima sanksiyalari qoʻlladi
Shuningdek, 6 ta mikromoliya tashkiloti va 4 ta lombardga ham bunday choralar koʻrilgan

Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasi avgust oyida oʻtkazilgan yigʻilishlarda 51 ta masalani koʻrib chiqib, tegishli qarorlar qabul qildi.
Shulardan 32 tasi roʻyxatga olish va ruxsat berish bilan bogʻliq boʻlib, yangi mikromoliya tashkilotlarini ochish, ayrim tashkilotlarni reyestrdan chiqarish, bank ustavlariga oʻzgartirishlar kiritish va rahbar xodimlar nomzodlarini koʻrib chiqish masalalari koʻrib chiqildi.
19 ta masalada kredit tashkilotlarining moliyaviy holati, prudensial meʼyorlarga rioya etilishi va noqonuniy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish mavzusi muhokama qilindi.
Natijada 14 ta bank va 2 ta toʻlov tashkilotiga kamchiliklar uchun chora koʻrildi, 9 ta bank, 6 ta mikromoliya tashkiloti va 4 ta lombardga jarima sanksiyalari qoʻllandi. Shuningdek, ustav kapitali talablari bajarilmagani uchun “Yevroosiyo Banki” ning litsenziyasi bekor qilindi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ