O‘zbekistonda lombardlar va faktoring tashkilotlari islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatishiga ruxsat berildi
Bunday huquq avvalroq faqat mikromoliya tashkilotlariga berilgan edi
O‘zbekiston Markaziy bankining 20-oktabrdagi qarori bilan, lombardlar va faktoring tashkilotlariga islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat berildi.
Endilikda ular islomiy moliyalashtirishga oid quyidagi xizmatlarni ko‘rsatishi mumkin:
- islomiy ijara;
- muzoraba – foydani taqsimlashga asoslangan moliyalashtirish;
- murobaha – nasiya savdoga asoslangan moliyalashtirish;
- mushoraka – sherikchilik, foyda va zararlarni taqsimlashga asoslangan moliyalashtirish;
- salam – oldindan to‘lovga asoslangan moliyalashtirish.
Bunday huquq avvalroq mikromoliya tashkilotlariga berilgan.
Yangi qaror bilan, “Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar faoliyatini muvofiqlashtirish va tartibga solish to‘g‘risidagi nizom”ga o‘zgartirishlar kiritildi. Endilikda bu nizom faktoring tashkilotlarini ham qamrab oladi.
Ushbu tashkilotlar yuqorida sanab o‘tilgan islomiy moliya xizmatlari to‘g‘risida har oy Markaziy bankka hisobot berib borishi lozim.
Bundan tashqari, aktivlar va majburiyatlar tahlili, aloqador shaxslar bilan tuzilgan bitimlar hamda yirik tavakkalchiliklar to‘g‘risida ham har oy hisobot berish talab etiladi.
Shuningdek, aktiv sifati “umidsiz” deb tasniflanishi bilan tashkilotlar 3 ish kunida ushbu aktivni zaxira evaziga hisobdan chiqarishlari lozimligi belgilandi.
Yana bir o‘zgarish: tashkilotlar kapitalining yetarlilik koeffitsiyenti tashkilotlar jami xususiy kapitalining jami aktivlariga nisbati orqali hisoblanib, ushbu koeffitsiyent 10% dan kam bo‘lmasligi kerak. Avval bu talab faqat mikromoliya tashkilotlariga oid edi, endi u lombardlar va faktoring tashkilotlariga ham tegishli bo‘ladi.
Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin ya’ni 2026-yil 21-yanvardan kuchga
kiradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ