O‘zbekistonda logistika xodimlarining 64 foizi ishda sun’iy intellektdan foydalanmoqda
2030-yilda Jahon bozorida logistika uchun sun’iy intellekt hajmi $180 mlrddan oshishi prognoz qilinmoqda
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda logistika sohasida sun’iy intellektdan foydalanish tobora kengayib bormoqda. Ati.su birjasi mutaxassislarining fikricha, SI-assistentlar yuk tashish jarayonlarini sezilarli darajada tezlashtirib, biznes uchun samaradorlikni oshirmoqda.
HeadHunter so‘roviga ko‘ra, mamlakatda xodimlarning 64%i o‘z ish faoliyatida sun’iy intellektdan foydalanadi, 22%i uchun esa u kundalik ish jarayonining bir qismiga aylangan. Shu bilan birga, hozircha SI asosan xodimlarning shaxsiy tashabbusi asosida qo‘llanmoqda.
Xalqaro “ATI.SU logistika platformasi”ning O‘zbekistondagi vakolatxonasining direktori Farid Vohidovning ta’kidlashicha, SI-assistentlar oddiy va takrorlanuvchi vazifalarni avtomatlashtirib, qo‘lda bajariladigan ishlar hajmini va xatolarni kamaytiradi. Natijada mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifati oshadi, boshqaruv qarorlari tezlashadi va operatsion xarajatlar qisqaradi.
Yaqin yillarda logistika sohasida SI texnologiyalarining jadal rivojlanishi kutilmoqda. Jahon bozorida logistika uchun sun’iy intellekt hajmi 2025-yilda $26 mlrdga yetgan bo‘lsa, 2030-yilga borib $180 mlrddan oshishi prognoz qilinmoqda.
Mutaxassislar logistika jarayonlarida SI-assistentlardan foydalanishning bir nechta asosiy yo‘nalishlarini ajratib ko‘rsatadi. Jumladan:
- yangi foydalanuvchilarni tizimga moslashtirish (onboarding);
- platformalarda navigatsiyani soddalashtirish;
- mijozlarga xizmat ko‘rsatishda birinchi liniya qo‘llab-quvvatlash;
- yuk tashishni real vaqt rejimida monitoring qilish;
- ovozli boshqaruv orqali jarayonlarni tezlashtirish.
Shuningdek, kelgusida “Agentic AI” — ya’ni mustaqil qaror qabul qila oladigan tizimlar rivojlanishi kutilmoqda. Bunday texnologiyalar yuklarni qayta yo‘naltirish, zaxiralarni boshqarish va uzilishlar yuzaga kelganda muqobil yechimlarni taklif qilish imkonini beradi.
Farid Vohidov xulosasiga ko‘ra, sun’iy intellekt logistika sohasida allaqachon kundalik jarayonlarni soddalashtirib, tezkorlikni oshirmoqda va yaqin kelajakda bu texnologiyalar har qanday raqamli platformaning ajralmas qismiga aylanishi kutilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ