O‘zbekistonda 661 mingdan ortiq fuqaro kripto platformalarda ro‘yxatdan o‘tdi
Kripto bozorida 21 ta xizmat provayderi faoliyat yuritmoqda, 2022–2025-yillarda kompaniyalar 107 mlrd so‘mdan ortiq to‘lov amalga oshirdi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonning 661 mingdan ziyod fuqarosi kriptoplatformalarda ro‘yxatdan o‘tdi, deb xabar berdi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi matbuot xizmati.
Mamlakatda kripto-aktivlar aylanmasi sohasida 21 ta xizmat provayderi faoliyat yuritadi: ularning 12 tasi — kripto-do‘kon, 6 tasi — kripto-depozitariy va 3 tasi — kripto-birja. Kripto sohasida jami 207 ta ish o‘rni yaratilgan.
Xizmat provayderlari shu vaqtga qadar 663 691 nafar mijozni ro‘yxatdan o‘tkazgan bo‘lib, ularning 661 850 nafari rezidentlardir.
2022−2025-yillar oralig‘ida kripto-aktivlar aylanmasi sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalar 107 mlrd so‘mdan ortiq to‘lov qildi. Shundan 79 mlrd so‘mni davlat boji, 28 mlrd so‘mni esa oylik yig‘imlar tashkil etdi.
Ikki emitent — Humo Digital (ta‘minlangan token) va Lockton Hub — 21 mlndan ortiq token chiqardi: ularning 16,97 mln donasi ta‘minlangan, yana 4,1 mln donasi utilitar tokenlardir.

O‘tgan yili ILMA kripto-do‘kon ochish uchun uchta litsenziya berdi: Asterium, City Pay Gate va Crypto Magnat. Kripto-xizmat provayderlari ro‘yxati bilan havola orqali batafsil tanishish mumkin.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ